O‘zbekiston | 23:01 / 08.07.2020
15613
4 daqiqa o‘qiladi

«Hozir hech kimga oson emas» - vazir o‘rinbosari va deputat karantinda aholining ijtimoiy himoyasi haqida

8 iyul kuni AOKAda Maxsus komissiyaning karantinni kuchaytirish haqidagi qarori yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda epidemiologik vaziyatga doir savol-javoblar bilan birga karantin davrida aholining ijtimoiy himoyasi mavzusi ham ko‘tarildi.

Anjumanda mutasaddilarga quyidagi savol bilan murojaat bo‘ldi.

«Odamlarni pandemiyaga qarshi kurashda birlashishga chaqiryapmiz, ammo ishsiz o‘tirgan odamlar birlashish uchun resursni qayerdan olsin? Ijtimoiy himoyasiz, davlatning yordamisiz qolganlar ko‘p. Davlatlar o‘z fuqarolariga turli hajmdagi kompensatsiya mablag‘larini to‘ladi. Ammo bizda davlat fuqarolarga hech narsa to‘lab bergani yo‘q. Qo‘ng‘iroq qilib bog‘lanishning imkoni bo‘lmagan markazni berishdi. Unga birinchi kuniyoq juda ko‘plab urinishlar bilan ham tusha olmaslik hollari bo‘ldi. Keyinchalik tashkil qilingan jamg‘arma ishida korrupsiya holatlari aniqlangani aytildi. Ishsiz, davlatning yordamisiz qolayotgan aholi 1 avgustgacha qanday yashashi kerak?»

Savolga javoban Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova jamiyatni mavjud qiyinchiliklarga qaramay koronavirusga qarshi kurashda birlashishga chaqirdi.

«Aytib o‘tganimdek, men hududlarda bo‘lganimda vaziyat og‘irligiga guvoh bo‘ldim. Biz mana shu og‘ir vaziyatni yengillashtirish uchun manzilli ishlayapmiz. To‘g‘ri, hammaga ham yordam berishga ulgurayotganimiz yo‘q. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham, jamiyat birlashishimiz kerakligi haqidagi chaqiriqni qabul qilishi kerak. Shuningdek, jurnalistlar ham.

Pandemiyadan keyin har bir odam o‘zgarishi kerak. Boshqacha yashashga o‘rganishimiz kerak, dunyo boshqacha yashashni o‘rganishi kerak. Karantinning barcha qoidalariga aniq amal qilmasdan vaziyatdan chiqib keta olmaymiz», deya Bositxonovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi, professor Habibullo Oqilov ko‘tarilgan masala haqiqatan ham juda murakkabligini ta'kidlagan holda, matbuot anjumanida jamlangan spikerlar ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha savollarga javob berishga vakolatli emasligini bildirdi.

«Hozir haqiqatan ham mamlakatda hech kimga oson emas – rahbariyatga ham, shifokorlarga ham, aholiga ham. Hammaga og‘ir. Butun dunyoda ahvol shunday.

«Temir daftarlar», kam ta'minlangan odamlarni ro‘yxatga olish – barchasi ishlayapti. Men deputat sifatida shuni ayta olamanki – biz kengash yig‘ilishlarida ham bu masalalarni muhokama qilamiz – aholi orasida turli tushunchalar bor: ayrim hollarda qo‘liga karta berilsa, pul tugagach, nega pul tushmayapti, deyish boshlanadi. Hammada har xil kayfiyat.

Ammo bugun bu yerga bu masalani muhokama qilgani yig‘ilmadik. Bugun faqat bitta narsa – sog‘liqni saqlash tizimi bugungi kunda qanday ahvolga kelganini aytib, «dasturxonni ochib tashladik» – barcha muammolarni oldingizga qo‘ydik. Agar bugun aniq choralarni ko‘rmasak, ertaga oldimizdagi vazifalarni uddalay olmay qolamiz.

Hech kim oson bo‘lishini va'da qilgani yo‘q. Pandemiya – ko‘pga kelgan to‘y», – dedi Oqilov.

Mavzuga oid