Jamiyat | 23:53 / 08.07.2020
25181
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda aliment to‘lamagani uchun hibsga olingan erkakning o‘limiga talvasa sabab bo‘lgani ma'lum qilindi

Foto: KUN.UZ/Arxiv

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida aliment to‘lamagani uchun tuman IIB hibsxonasiga tashlangan 34 yoshli erkak vafot etgan. O‘zbekiston Bosh prokurorining matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, marhumning o‘limiga talvasa sabab bo‘lgan.

Shamsuddinovning ta'kidlashicha, marhum aliment to‘lamaslik uchun suddan yashirinib yurgan, shu sababli qidiruvga berilgan. U 2020 yil 2 iyulda ushlanib, tuman IIBning vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan. 4 iyulda kechki payt to‘satdan vafot etgan.

Ma'lum bo‘lishicha, marhum 4 iyul kuni soat 10:00 larda ko‘zlariga turli narsalar – ilon, chayonlar ko‘rinayotganini aytib, hibsxona xodimiga shikoyat qilgan. Shundan so‘ng tuman tibbiyot birlashmasi psixiatr-narkologi U.Abduvohidov hibsxonaga chaqirilgan. U bemorga surunkali alkogolizm, abstinek sindromi tashxisini qo‘yib, 2 mahal «Galopril» tabletkasini berishni tavsiya qilgan.

Marhum hibsda saqlangan hujra kuzatuv kameralari videoyozuvlari ko‘zdan kechirilganida ham bemorda talvasa kuzatilgani ma'lum bo‘lgan. Marhumning yaqin qarindoshlari ham unda oldindan tutqanoq kasalligi bo‘lgani, avval tez-tez bu kabi talvasa holatlari yuz berganini bildirishgan. Murda mutaxassis ishtirokida tekshirilganida ham tananing tashqi tarafida tan jarohatlari aniqlanmagan.

Marhumning murdasi sud tibbiyot ekspertizasi tekshiruvidan o‘tkazilganida o‘limga o‘tkir o‘pka va bosh miya shishi sabab bo‘lgani aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, bu joriy yilda jamoatchilikka ma'lum bo‘lgan hibsxonalarda ro‘y bergan uchinchi o‘lim holatidir. 2020 yil 30 may kuni Andijon shahar IIB JQB tezkor vakillari tomonidan qo‘llangan qiynoq natijasida fuqaro A.A. Respublika shoshilinch tez-tibbiy yordam Andijon filialiga olib borilgan, ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan u 11 iyun kuni vafot etgan edi.

Keyinroq Navoiydagi qamoqxonada mahbus qiynoqlardan vafot etgani haqidagi xabar tarqaldi. IIV holat yuzasidan izoh berib, marhumning o‘limiga V-24.0 IV klinik bosqichi (limfa tugunlarining tarqoq kattalashishi, orofarengial kandidoz, noma'lum etiologiyadan uzoq davom etuvchi isitma, tana vaznining 10 foizdan ortiq ozishi, diareya) sabab bo‘lgani ma'lum qilgan edi.

Mavzuga oid