«Har kuni do‘kon aylanishning mavridi emas» – Buxoro viloyati hokimi aholiga murojaat qildi
Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamalov viloyat ahlini karantin qoidalariga qat'iy amal qilishga chaqirdi.
Viloyat hokimi ko‘rilayotgan favqulodda chora-tadbirlarga qaramasdan, koronavirus kasalligiga chalinganlar soni Buxoroda ham oshib borayotganini qayd etdi. Xususan, 9 iyul kuni, soat 15:00 holatida viloyatda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar soni 555 nafarga yetgan. Bemorlardan 519 nafari to‘liq sog‘aygan. Davolanayotgan 34 nafar bemorlardan 3 nafarining ahvoli og‘ir, 4 nafariniki esa o‘ta og‘ir.
«Ro‘zg‘ordagi ehtiyojlarni qondirish uchun bir hafta yoki o‘n kunga yetadigan oziq-ovqat mahsulotlarini g‘amlab qo‘yish uchun bir martagina bozorga tushish kifoya, nazarimda. Bu borada ham o‘z madaniyatimizni namoyish etsak, boshqalarga ibrat-namuna bo‘lsak, kasallikdan chetda, bexavotir bo‘lamiz. Har kuni yoxud kunora ko‘chaga chiqib, erinmasdan savdo do‘konlarini aylanishning mavridi emas.
Bundan tashqari, yo‘nalishsiz taksilarda to‘rt, hatto, beshtalab odam tashish holatlari uchrayotgani, ko‘plarimiz allaqachon xotirjamlikka berilganimiz nafaqat qonunbuzarlik, balki xiyonatga teng vijdonsizlik hamdir. Kezi kelganda, ta'kidlash joizki, ayrim hudud rahbarlari hozirga qadar fuqarolarga murojaat bilan chiqish va yuzaga kelgan vaziyatni aholi o‘rtasida tushuntirish choralarini ko‘rmayapti.
Shu o‘rinda shahar va tumanlar sektor rahbarlarining epidemiologik osoyishtalik uchun shaxsan javobgar ekanliklari haqida yana bir marotaba qat'iy ogohlantiraman!», degan hokim.
Shuningdek, Karim Kamalov joylarda ayrim fuqarolar ko‘p odamlarni yig‘ib, dabdabali marosim va tadbirlarni o‘tkazishni davom ettirayotganini ta'kidlagan va mahalla raislari, fuqarolarni faollikka chaqirgan.
Ayrim davlatlarda yuqori gigiyenaga asoslangan kundalik turmush tarzi, milliy urf-odatlar bu kasallikni yengishda juda muhim omil bo‘layotgani ta'kidlangan.
«Masalan, aholisi zich, qo‘shnilari bilan savdo aloqalari o‘ta rivojlangan bo‘lishiga qaramasdan, Yaponiya virusning keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymadi. Mutaxassislar «»yapon fenomeni»ni ulardagi o‘ziga xos salomlashish, shaxsiy masofani saqlash, tez-tez kiyim almashtirish, yuz-qo‘lni yuvish, to‘la yuvinish, to‘g‘ri ovqatlanish, faol turmush tarzi va sport kabi 13 ta qoida va urf-odatlar saqlanib qolgani bilan izohlamoqdalar», deya misol keltirgan Karim Kamalov.
Mavzuga oid
11:34 / 08.10.2024
Buxoroda ikki ishchi tok urishi oqibatida halok bo‘ldi
17:13 / 12.08.2024
Muqobil energiya manbalaridan foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi
16:34 / 21.07.2024
Buxoroda xorijdagi eriga jahl qilib, bolalarini kaltaklagan ayolga jazo qo‘llandi
10:17 / 10.07.2024