O‘zbekiston | 21:11 / 15.07.2020
15672
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga chalingan hamda uni boshqalarga ham yuqtirgan shaxslar javobgarlikka tortiladimi? Bosh davlat sanitariya inspektori javob berdi

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i Nurmat Otabekov ma'lum qilishicha, koronavirusga chalinganini bila turib uni boshqalarga ham yuqtirgan shaxslar javobgarlikka tortiladi.

«Agar birorta odam koronavirus infeksiyasiga chalinganini bila turib oila a'zolari yoki hamkasblarining hayotini xavf ostida qoldirsa, buning uchun jazo bor. Shuning uchun agar biz koronavirusni yuqtirganimizga amin bo‘lsak, nima qilib bo‘lmasin kasallikni boshqalarga yuqtirmasligimiz, buning oldini olishga harakat qilishimiz kerak. Agar bemor boshqalarning salomatligini xavf ostida qoldirsa va bu ishni bila turib amalga oshirsa, u holda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga muvofiq ma'muriy javobgarlikka tortiladi», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga ko‘ra, inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish bazaviy hisoblash miqdori (ayni paytda 223 ming so‘m)ning besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzish, kasallik yuqish xavfi mavjud bo‘lgan davrda muloqotda bo‘lingan shaxslar va borilgan joylar haqidagi ma'lumotlarni oshkor qilish to‘g‘risidagi yoki boshqa qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bosh davlat sanitariya inspektori koronavirusga chalingan shaxslarning qayerdan yoki kimdan yuqtirgani qanday aniqlanishi haqida ham ma'lumot berib o‘tdi.

«Koronavirus infeksiyasi bilan zararlanish holatlarining barchasida epidemiologik surishtiruv tizimi mavjud. Ushbu tizimga ko‘ra kasallikni yuqtirgan shaxs qayerlarda bo‘lgani, qaysi obektlarga borgani surishtiriladi. Shuningdek, bemor borgan joylarda ilgari ham koronavirus infeksiyasini yuqtirish holatlari bo‘lgan-bo‘lmaganiga aniqlik kiritiladi. Shu tarzda epidemiologik surishtiruv davomida epedimiologlar kasallik manbasini topishadi.

Ayrim hollarda kasallik yuqishi qanday ro‘y berganini 100 foiz aniqlik bilan isbotlab berish mumkin. Shu bilan birga, ba'zid buning imkoni bo‘lmasligini ham hisobga olish kerak. Mana shu omilga ko‘ra ko‘pincha epedimiologik surishtiruvlarda kasallik qayerda yuqtirilgani taxmin qilinadi. Asosiy vazifa kasallik o‘chog‘ini aniqlashdan iborat. So‘ngra barcha harakatlar kasallik o‘chog‘ini yo‘q qilishga qaratiladi», deydi Nurmat Otabekov.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid