Jahon | 23:13 / 15.07.2020
7654
2 daqiqa o‘qiladi

Norvegiyada koronavirusga qarshi samarali choralar sababli dafn byurolari inqirozga uchramoqda  

Norvegiyada dafn byurolari o‘limlar soni kamayib ketishi sababli vujudga kelgan inqirozni yengib o‘tish uchun davlatdan yordam so‘ramoqda. Mamlakatda koronavirusga qarshi kiritilgan choralar shunchalik samarali bo‘lganki, ular boshqa kasalliklardan o‘lim darajasiga ham ta'sir qilgan.

Natijada mamlakatda joriy may oyida 2019 yil may oyidagiga nisbatan 6 foiz, iyunda esa 13 foiz odam kamroq vafot etgan.

Dafn byurolaridan birining egasi Erik Landening ta'kidlashicha, “kiritilgan choralar shunchalik samarali bo‘lganki, ular sababli odatdagi vaqtda vafot etib ketadigan keksa odamlar va kasalmand kishilar hamon yashashda davom etmoqda”. Uning aytishicha, dafn byurosining ish hajmi 3 martaga kamayib ketgan.

Bundan tashqari, pandemiya vaqtida marhumlarning yaqinlari dafn marosimlaridan tobora ko‘proq voz kechmoqdalar, bu ham byurolarga moliyaviy tomondan ta'sir qilmoqda. Ulardan ba'zilari ishchilari sonini kamaytirishga majbur bo‘lmoqda.

Norvegiyada 12 martdan koronavirus tarqalishiga qarshi qat'iy choralar kiritilib, maktablar, restoranlar, boshqa jamoat joylari yopilgan, sport va madaniy tadbirlar o‘tkazilishi taqiqlangan va chegaralar yopilgan. Pirovard natijada bu choralar 5,4 mln.lik aholiga ega davlatda koronavirusga 9 mingdan ko‘proq kishi chalinishiga olib kelgan. Ulardan 253 nafari vafot etgan. Ayni vaqtda bemorlarning deyarli barchasi sog‘ayib ketgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid