Ona tili hammamiz uchun muqaddas. Agar u muhokama, munozara mavzusiga aylansa, tomoshabin bo‘lib turishga haqqimiz yo‘q. Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda umumiy o‘rta ta'lim maktablarining o‘quv rejasida “Ona tili” faniga ajratilgan soatlarning qisqartirilishi masalasi bilan bog‘liq turli fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Ayrim partiyalar vakillari bu mavzu hammaning ko‘ngliga yaqinligini bilib, shovqin ko‘tarib, o‘zini ko‘rsatishga urinayotgani, to‘g‘risi, menga ma'qul emas.
Mazkur masalaning dolzarbligini hisobga olib, Xalq demokratik partiyasining faollari bilan umumiy o‘rta ta'lim maktablarining o‘quv rejasi va loyiha sifatida taqdim etilgan o‘quv dasturi bilan yaqindan tanishib chiqdik. Chunki “Ona tili” fanini o‘qitishning me'yoriy va metodologik asoslarini tahlil qilmasdan turib, shoshilinch fikr bildirib bo‘lmaydi.
O‘rganish jarayonida qanday masalalarga duch keldik?
Birinchidan, xalq ta'limi vazirining 2020 yil 25 fevraldagi 52-sonli buyrug‘i 1-ilovasi bilan “Umumiy o‘rta ta'lim maktablari uchun 2020-2021 o‘quv yiliga mo‘ljallangan tayanch o‘quv rejasi” tasdiqlangan. Tayanch o‘quv rejada ona tili va adabiyot fani uchun ajratilgan haftalik o‘quv soatlari quyidagicha taqsimlangan:
- 1 sinfda o‘quv yilining 1-2 choraklarida haftasiga 4 soat “Alifbe”, 4 soat “Yozuv”, 3-4 choraklarda 4 soat “Ona tili” va 4 soat “O‘qish” fani;
- 2-4 sinflarda haftasiga 4 soat “Ona tili” va 3 soat “O‘qish” fani;
- 5-6 sinflarda haftasiga 3 soat “Ona tili” va 2 soat “Adabiyot” fani;
- 7-9 sinflarda haftasiga 2 soat “Ona tili” va 2 soat “Adabiyot” fani;
- 10-11 sinflarda haftasiga 1 soat “Ona tili” va 2 soat “Adabiyot” fani o‘qitiladi.
Agar o‘quv reja tahliliga e'tibor qaratilsa, haftalik eng ko‘p o‘quv soati (57 soat) ona tili va adabiyot faniga ajratilgan. Boshlang‘ich sinflarda “Ona tili”ga doir nutqiy, lingvistik va matn bilish ko‘nikmalarini o‘zlashtirish oson hamda samarali amalga oshadi. Shuning uchun boshlang‘ich sinflarda ona tilini o‘qitishga alohida e'tibor qaratilishi maqsadga muvofiq. Boshlang‘ich sinflarda integrallashgan mashg‘ulotlarning tashkil etilishi va PIRLS, TIMSS kabi xalqaro baholash dasturlari asosida o‘quv topshiriqlarining ishlab chiqilishi o‘quvchilarning o‘qish va matnni tushunish ko‘nikmalarini rivojlantirishga yanada samarali ta'sir ko‘rsatadi.
Yuqori sinflarda o‘quvchilar o‘zlashtirishi lozim bo‘lgan ko‘nikmalar to‘plami (soni) oshib boradi. O‘qish va yozish ko‘nikmasiga ega o‘quvchilarning sotsiolingvistik kompetensiyalarni o‘zlashtirishi uchun soatlar hajmi emas, o‘quv materiallarining yirik bloklar asosida strukturalashtirilishi, ularda mustaqil o‘z ustida ishlash motivatsiyasini kuchaytirish hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda bir jihatni alohida ta'kidlab o‘tish lozim: umumiy o‘rta ta'lim maktabi o‘quvchisi “tilshunos” sifatida tayyorlanmaydi, u ona tilining adabiy me'yorlarini bilishi, og‘zaki va yozma nutq malakalariga ega bo‘lishi talab etiladi. O‘quvchilardan fanga katta soat ajratib, grammatik qoidalarni yodlatish metodikasi o‘zini oqlamaydi. Bu holat tajribada bir necha yil sinovdan o‘tkazildi: fanga ajratilgan ko‘plab soatlar va zamonaviy talablarga javob bermaydigan o‘qitish metodikasi o‘quvchilarni ona tilida savodli gapirish va yozishdan yiroqlashtirdi. Demak, fanga ajratilgan soatlar hajmi uni o‘zlashtirishning natijaviyligini kafolatlay olmaydi.









