O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Maqsuda Vorisovaning Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisova saylovoldi dasturi yuzasidan ma'ruza qilib, undagi ustuvor yo‘nalishlar bilan yig‘ilish ishtirokchilarini tanishtirdi.

O‘zbekistonda ijtimoiy demokratik davlat qurishni asosiy maqsad sifatida belgilab olgan Xalq demokratik partiyasidan nomzodning saylovoldi dasturi mamlakatimizni rivojlantirishga qaratilgan eng muhim 9 ta ustuvor yo‘nalishni qamrab olgan. Undagi maqsad va vazifalarning amalga oshirilishi birinchidan, aholi keng qatlamlari farovonligi ta'minlanishini nazarda tutadi. Har bir oila o‘zining birlamchi hayotiy ehtiyojlarini qondirishi, zamonaviy ta'lim va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun yetadigan daromad manbaiga ega bo‘ladi.

Ikkinchidan, barcha sohalarda ijtimoiy adolat va ijtimoiy tenglikni qaror toptirish, jamiyat a'zolarining o‘z huquqlarini amalga oshirishlari uchun ularga teng imkoniyatlar yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Uchinchidan, fuqarolarning demokratik institutlar orqali aholining ijtimoiy kayfiyatiga, zarur hayotiy ehtiyojlarini amalga oshirishga ta'sir ko‘rsatadigan qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash, jamiyatda jamoatchilik ekspertizasi va muhokamalarida keng ishtirok etishini ta'minlashga qaratilgan demokratik asoslar yaratiladi.

Partiya bilan birgalikda Prezident saylovi kompaniyasida “Barchaga g‘amxo‘rlik – davlatning burchi”, degan bosh shior ostida g‘alaba uchun kurashamiz. Bu borada aholi manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosat yuritishni birinchi yo‘nalish sifatida belgilab olganmiz.

Qat'iy ishonch bilan aytamanki, har bir o‘zbekistonlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar yaratish asosiy vazifamiz bo‘lib qolaveradi. Oilalar farovonligining o‘sishini, bolalar uchun baxtli bolalikni, yosh avlodning ishonchli kelajagini va qariyalarga g‘amxo‘rlik qilishni ta'minlash borasidagi takliflarni ilgari suryapmiz