Jamiyat | 21:35 / 18.07.2020
38484
10 daqiqa o‘qiladi

Jizzax viloyat hokimligi kimni aldamoqda: Baxmalda fermerlarning yerlari olib qo‘yilishiga prezident qarorining aloqasi yo‘q!

Jizzax viloyati hokimligi kimni aldamoqda: Baxmalda fermerlarning yerlari olib qo‘yilishiga prezident qarorining aloqasi yo‘q!

Kun.uz sayti muxbirlari Baxmal tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan fermerlar murojaatiga asosan mazkur tumanda bo‘lib, jurnalist surishtiruvi o‘tkazdi. O‘rganish natijasi o‘laroq «Baxmalda fermerlarning yeri tovon to‘lanmasdan italyanlarga berilmoqda: deputatlar kimning foydasiga qo‘l ko‘tarishgan?» sarlavhali maqola e'lon qilindi.

18 iyul kuni Jizzax viloyati hokimligi rasmiy veb-saytida ushbu maqolaga raddiya bildirildi.

Raddiyada «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 apreldagi «Yovvoyi holda o‘suvchi dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4670-sonli qaroriga muvofiq «BMB-TRADE GROUP» kompaniyasi va Italiya davlatining «OPERA SRL» kompaniyasi hamkorligida Baxmal tumanida «BMB-OPERA ZAFFERANO» MChJ shaklidagi O‘zbekiston-Italiya qo‘shma korxonasi tashkil etilgani, ushbu qo‘shma korxona 2020-2022 yillarda dorivor o‘simliklarni yetishtiruvchi, qayta ishlovchi va eksport qiluvchilar ro‘yxatiga za'faron yetishtirish va qayta ishlash loyihasi tashabbuskori sifatida kiritilgani aytiladi.

E'tibor qiling, yuqorida tilga olingan Prezident qarorida asosiy turdagi dorivor o‘simliklarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan hududlar ro‘yxati ham e'lon qilingan. Taassufki, mazkur ro‘yxatga ko‘ra Jizzax viloyati, xususan Baxmal tumanida achchiq ermon, dorivor limono‘t, katta zubturum, qalampir yalpiz, qizil zirk, bo‘ymadaron, jag‘-jag‘, ola o‘t, Samarqand bo‘znochi, tikanli kovul, Turkiston arslonquyrug‘i, do‘lanasi ekish ko‘zda tutilgan.

Hujjatning biror bandida ZA'FARON haqida gapirilmagan!

Demak, bu yerda Baxmal tuman hokimligi eng kamida Prezident qarorini boshqacha talqin qilib, undan boshqa maqsadda foydalanmoqda.

Prezident qaroriga ko‘ra, Jizzax viloyatida umuman za'faron ekish ko‘zda tutilmagan bo‘lsa-da, nega viloyat hokimligi bu loyihaning tepasida turibdi? Nega aniq keltirilgan ro‘yxatdan chetga chiqilgan? Jizzaxda fermerlarning yeri olinib, za'faron ekilayotganidan Hukumat va boshqa rasmiy idoralarning xabari bormi?

Raddiyada Kun.uz ga intervyu bergan uchta fermer xo‘jaligi deyarli noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgani, yerni tashlab qo‘ygani, elektr energiyasidan qarzdorligi va ish o‘rni kam yaratgani aytilmoqda. Bundan tashqari, «BMB-OPERA ZAFFERANO» MChJ qo‘shma korxonasi faoliyatini boshlasa, fermerlarga qaraganda bir necha barobar davlatga soliq tushumlari ortishi ma'lum qilingan.

Bizga bu ma'lumotlar taqdim etilgan bo‘lsa-da, maqolada foydalanmaganimiz aytilmoqda. Vaholanki, Baxmal tuman hokimligidan tahririyatga atigi ikkita hujjat taqdim etildi. Biri – xalq deputatlari tuman kengashining 2020 yil 7 apreldagi qarori. E'tibor bering, bu qaror raddiyada asos qilib ko‘rsatilayotgan Prezident qarori qabul qilinishidan 3 kun avval chiqqan! Unda tumanning «Tongotar» massividagi 400 gektar yer, xususan murojaatchi fermerlarning yeri zaxiraga qaytarib olinishi ko‘zda tutilgan.

Ikkinchi hujjat esa, Baxmal tuman hokimi M.Anorbayev joriy yilning 27 mayida imzolagan bayonnoma bo‘lib, bu «hujjat»da ham hokimlik o‘zini oqlash maqsadida «foydalanayotgan» prezident qarori haqida lom-mim deyilmagan.

Maqolada har ikkala hujjat ham tilga olingan va ular tuman rahbarlarining siyosiy irodasi bilan amalga oshirilishiga e'tibor qaratganmiz.

Qolgan «taqdim qilindi» deyilayotgan gaplarning hammasi hokim o‘rinbosarining og‘zaki javoblari, xolos. Va u ham bo‘lsa videolavhada joylashtirilgan. Fermerlarning sust va samarasiz ishlayotgani haqida Baxmal tuman fermerlar kengashining xulosasi so‘ralganda, bu hujjat taqdim etilmaganini tasdiqlovchi video va audio yozuvlar Kun.uz da mavjud.

Bundan tashqari, Jizzax viloyati hokimligi saytida e'lon qilingan raddiyada fermerlar foydalanib kelgan elektr energiyasi bilan ta'minlovchi 0,4 kV quvvatda ishlovchi elektr uzatish tarmog‘i mutlaqo xavfsizlik qoidalariga javob bermasligi aytilgan. Bu Baxmal tuman elektr ta'minoti korxonasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan monitoringda aniqlanibdi.

Qiziq, elektr uzatish tarmog‘ining talabga javob bermasligi fermerning yerini tortib olishga asos bo‘lishi mumkinmi? Unda nega ishlatilgan elektr energiyasi uchun yillar davomida to‘lov qilindiyu, «E, bu yoqda artezian, transformator bormi, fermerlar dalasiga suv olyaptimi» deb birov so‘ramadi?

Yana bir gap. Aslida, fermerlar allaqachon bu hududda artezian qazish, elektr energiyasi tortib kelish va qonun doirasida ishlash uchun hujjatlarini tayyorlab bo‘lgan. O‘nlab tashkilotlarga to‘lovini qilib, ekspertiza xulosasini ham olib qo‘ygan.

Muammo shundaki, bu hujjatlarni Baxmal tuman hokimi tasdiqlashni istamagan, xolos.

«Ushbu yer maydonlarida faoliyat olib borayotgan 38 ta fermerlardan 35 tasi istiqbolda amalga oshirilayotgan loyihani qo‘llab-quvvatlab, qo‘shma korxona faoliyati rivojlantirilishi uchun o‘z hissasini qo‘shishini bildirib, o‘z tashabbusi bilan yer ijara shartnomasini bekor qilishni so‘ragan» deyiladi Baxmal tumani hokimligi munosabatida.

Biz avvalgi maqolamizda ham yana o‘nga yaqin baxmallik fermerlar yeri noqonuniy tortib olinayotganidan norozi ekanini ma'lum qilgandik. Bu loyiha faqatgina uchta – «Shahboz-Javohir», «Jo‘rabek-Doston dalasi» hamda «Nigora Tog‘ayeva» fermer xo‘jaliklarning muammosi emas.

Ayni vaqtda bizda yana za'faron ekish loyihasi bilan «Baxmal chashmasi», «Doniyorov Abduvahob», «Sherzodbek Usanov», «Yusufbek Diyori», «Avvalboyev Akbarjon» kabi o‘ndan ortiq fermer xo‘jaliklarning yeri tortib olinayotgani to‘g‘risida murojaat bor. Buni qarangki, ularning barchasi 2019 yilda optimallashtirilgan. Tuman hokimi M.Anorbayevning imzosi bilan ular qayta rasmiylashtirilgan, samarali ishlashiga ishonch bildirilgan. Mana, bir yil o‘tmasdan, fermerlar hosilini yig‘ib olmasdan turib «samarasiz, noqonuniy ishladi», kabi bahonalar bilan yer olib qo‘yilyapti.

Endi xolis o‘ylang. Bunaqada kim fermerlik qiladi, kim ishonch bildirib yerga mablag‘ini tikadi? Biz bo‘lsa, investorlarning yo‘qligidan noliymiz...

Yana bir muhim ma'lumotga e'tibor qarating: davlat rahbarining 2020 yil 10 aprelda imzolagan qarorida dorivor o‘simliklar klasterlariga yer maydoni dorivor o‘simliklar yetishtirishga mos bo‘lgan, yuridik va jismoniy shaxslarga ajratilmagan va qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlardan, zaxiradagi yerlardan, shuningdek, lalmi va o‘rmon fondi yerlaridan ajratiladi deyilgan.

Mana shuning o‘zi ham Baxmaldagi bu fermerlarning yerlari tortib olinayotganligida yirik korrupsiya holati mavjud ekanligiga ishora qilmayaptimi?

Raddiyadagi eng kulgili holat – Baxmalda 38 ta fermer xo‘jaligi ayni kunlarda 51 ta ish o‘rni yaratgan, «BMB-OPERA ZAFFERANO» MChJ 200 nafar doimiy va 3500 nafar mavsumiy ish o‘rni yaratadi, deb da'vo qilinmoqda.

Xolbuki, shu saytda 20 may kuni e'lon qilingan maqolada, «BMB Trade Group» kompaniyasi kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov «Loyihaning qiymati 25 million yevroni tashkil etishi, loyiha ishga tushishi natijasida 800 ta doimiy, 20 mingga yaqin mavsumiy ishchi o‘rni yaratilishini»ni aytgan.

Qarang, ikki oyda yaratilajak ishchi o‘rinlar soni shunchaga kamayibdi. Balki za'faron ekilguncha yaratiladigan ishchi o‘rinlar yanada kamayar... va hozir baxmallik fermerlar yaratgan o‘sha kam sonli ish o‘rinlaridan ham kamroq bo‘lar! Nega hali yo‘q, mavhum narsa bilan maqtanayapti viloyat rasmiy sayti?

Xulosa o‘rnida: raddiyada Jizzaxda za'faron ekilishi Prezident qarorida ko‘rsatib o‘tilgan, deyilgan katta iddao bor. Vaholanki, aslo unday emas! Fermerlar esa hokimlik ta'riflanganidek «olabo‘ji» emasligi ham ayon bo‘lmoqda. Kamiga, dorivor o‘simliklar kimningdir obod qilgan yerida emas, zaxiradagi, lalmi va o‘rmon hududlarda ekilishi belgilab qo‘yilyapti.

Baxmaldagi vaziyat esa jiddiy. Buni viloyat yoki tuman hokimligi ixtiyoriga tashlab qo‘yish – mavjud qonunlarning oyoqosti bo‘lishiga, tadbirkorlarning huquq va manfaatlari yanchilib, yer bilan yakson qilinishiga olib keladi.

Vaziyat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va boshqa mas'ul idoralar tomonidan o‘rganib chiqilishi zarur.

Qolaversa, bu mashmashalarni Italiyadagi hamkor – «OPERA SRL» kompaniyasi bilarmikan? Qani, demokratik qadriyatlarga sajda qiladigan italyanlarga ham O‘zbekistonda mana shunday hamkorlar kerak ekanmi?

Isomiddin PO‘LATOV,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid