O‘zbekiston | 00:15 / 18.07.2020
22278
4 daqiqa o‘qiladi

«Kasallanganlarning 60 foizi chegaradan kirib kelgan» - Andijon viloyati hokimi

Andijon viloyatida koronavirus infeksiyasi yuqtirib davolanayotgan 300 nafar bemorlarning 5 nafari o‘rta og‘ir holatda bo‘lib, qolgan 295 nafarining holati esa qoniqarli. Bu haqda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov 17 iyul kuni viloyat aholisiga qilgan telemurojaatida aytib o‘tdi.

«Ayni paytda, Andijon viloyatida 585 nafar koronavirus infeksiyasi aniqlangan fuqarolar bor.

Xo‘jaobod tumanida Qirg‘iziston bilan «Do‘stlik» chegara punkti joylashgan. Vodiy bo‘yicha birgina shu «Do‘stlik» postidan O‘zbekiston fuqarolari Qirg‘izistondan kirib kelishmoqda. Nafaqat Andijon, balki mamlakatimizning barcha hududlarida yashovchi fuqarolar faqat shu yerdan o‘tadi.

Mana, ikki kun oldin, 232 nafar fuqaromizni qabul qildik. Hozirgi holat bo‘yicha yana 200–250 nafar fuqarolarimiz «olib o‘tib ketinglar», deb chegarada kutyapti. Albatta, hammasini olib o‘tmoqdamiz, olib o‘tamiz ham.

Lekin bir narsani tushuninglar: ularga avvalo sharoitini yaratib, yotoq joyini, dori-darmonini, oziq-ovqatini hal qilgandan keyin, olib o‘tamiz. Ularning sonini berishyapti, shunga qarab joy tayyorlayapmiz.

Koronavirus balosi O‘zbekistonga kelgandan beri, «Andijon viloyatida 585 nafar fuqaroda kasallik aniqlandi», deyilgan bo‘lsa, shundan 350 nafari «Do‘stlik» chegarasidan o‘tgan turli viloyatlardan bo‘lgan fuqarolarda aniqlangan. Bu esa umumiy kasallanganlar sonining 60-62 foizini tashkil etadi», — dedi Abdurahmonov.

Mutasaddi viloyatda tibbiyotchilar tomonidan tavsiya qilingan ro‘yxatdagi 49 turdagi dori-darmonning 3 oylik zaxirasi mavjud ekanligini aytib, hududda faoliyat yuritayotgan 1200 dan ziyod dorixonalar bilan bog‘liq masalalarga to‘xtalib o‘tdi. 

«Biz hududimizda ishlab kelayotgan barcha dorixona egalariga «Agar dorixonangizga kimdir isitma va tomoq og‘riq dori so‘rab kelsa, u fuqaroning pasporti bo‘lsa ma'lumotlari, telefon raqamlarini yozib olib, ro‘yxat qilib beringlar. Shu yo‘l bilan fuqarolarni nazoratga olib, unda kasallik bor yoki yo‘qligini aniqlaymiz», deb murojaat qildik. 

Sababi, oxirgi paytda ko‘p fuqarolarimiz isitma kirib, tomog‘i og‘risa, oddiy kasallik degan faraz bilan virus tushganini sezmay, kasallik kuchayib ketgandan so‘ng, tibbiyot muassasasiga murojaat qilyapti. Ungacha fuqaro 3-4 kun davomida isitma dori ichyapti. Ta'sir qilmayapti. 

Qolaversa, viloyat prokuraturasi va viloyat prokuraturasi qoshidagi departament orqali dorixonalarni ikkita masala bo‘yicha rasman ogohlantiryapmiz. Bular — dorixona xodimlari dori-darmonni sun'iy narxini ko‘tarsa yoki shu kasallik bilan murojaat qilgan kishining ma'lumotini bermasa, bu holatga «viloyatimizda virus bilan zararlanishni ko‘payishiga hissa qo‘shgan yoki yashirgan», degan xulosa bilan javobgarlikka tortiladi va uning faoliyat yuritishi uchun berilgan guvohnomasi bekor qilinadi.

Biz ishchi guruh tuzib dorixonalardagi holatni tekshirtirdik. Afsuski, bir qator dori-darmon sotuvchilarimizning fuqarolarga eng kerakli dorilar narxini sun'iy ravishda oshirib sotayotganligi aniqlandi. Endi ularning faoliyat yuritish uchun berilgan guvohnomasini bekor qildirishga majburmiz», — dedi Andijon viloyat hokimi o‘z murojaatida.

Mavzuga oid