O‘zbekiston | 23:51 / 19.07.2020
8870
4 daqiqa o‘qiladi

Zoyir Mirzayev: «Ehtiyojmand oilalar uchun 4,2 milliard so‘m jamg‘armamiz bor»

Qashqadaryo viloyati hokimi viloyatdagi pandemik vaziyat haqda qo‘shimcha axborot berdi.

Foto: Qashqadaryo viloyati hokimligi

Zoyir Mirzayevga ko‘ra, viloyatda hozirgacha:

  • 409 nafar kasallangan fuqaro aniqlangan;
  • tuzalib chiqqanlar 318 nafar;
  • davolanayotganlar 69 nafar;
  • shifoxonalarda qolayotganlar 53 nafar;
  • uy sharoitida davolanayotganlar 16 nafar.

«10 iyulgacha viloyatda 2ta PZR laboratoriyasi ishlardi, bu o‘rtacha 700-800ta analiz olish imkonini berardi. Hozirda Qarshi shahrida 4ta, Shahrisabz shahrida 2ta va G‘uzor tumanidagi «Uzbekistan GTL» zavodida yana bitta laboratoriya ishga tushirildi.

9ta shifoxonani biz bemor qabul qilishga tayyorlaganmiz. Ularda 890 nafar bemorni qabul qila olamiz. Bundan tashqari, xususiy klinikalar 500ta o‘rin ajratib bermoqda. Shuningdek, mehmonxonalar, oliy ta'lim muassasalari yotoqxonalarini tayyorlayapmiz.

Har bir tumanda mehmonxona, profilaktoriya, sanatoriya kabilarning negizida 8700ta zaxira o‘rinlari tayyorlayapmiz», – deya ma'lum qildi Zoyir Mirzayev.

U, shuningdek, viloyatda koronavirusga qarshi kurashda bugungacha 5280 nafar tibbiyot xodimlari jalb etilgan. Endilikda zaxira tayyorlash maqsadida, nafaqaga chiqqan, ilgari harbiyda, tibbiyot sohasida ishlagan malakasi bo‘lgan infeksionistlar, virusologlarning ham ro‘yxati tuzilgan. Hozirning o‘zida xuddi shunday 38 nafar mutaxassis yordam berishga shayligini aytib o‘tdi.

Hokimning so‘zlariga ko‘ra, Qarshi davlat universitetida tashkil etilgan koll-markazda 15 kishi telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermoqda (220-03-00).

Hozirda Qashqadaryo viloyatida:

  • jami 147ta tez yordam punkti;
  • 244ta tez tibbiy yordam brigadalari;
  • 206ta «Damas», 247ta boshqa turdagi tez tibbiy yordam mashinalari, reanomobillar mavjud.

Viloyat hokimligi tomonidan o‘tkazilgan tahlil davomida mashinalarning 8tasi yaroqsiz, 80tasi eskirgani aniqlangan. 1 avgustgacha 12ta yangi tez tibbiy yordam mashinasi sotib olib, tarqatish ko‘zda tutilgan.

Viloyatda:

  • jami rentgen apparatlari soni 32ta,
  • sun'iy nafas berish apparatlari 102ta,
  • o‘n kun muddatda yana keltirilishi ko‘zda tutilgan sun'iy nafas berish apparatlari soni 100ta

«Viloyatimizda 943ta dorixona bor. 420ta dorixonada koronavirusga qarshi ishlatiladigan, maxsus komissiya tomonidan tasdiqlangan 65 turdagi dori vositalarining 21-27 kunga yetadigan dori zaxirasi bor.

Uch oylik dori zaxirasini yaratish topshirig‘ini olganmiz. Bu 48 milliard so‘mlik mablag‘ni tashkil etadi. Viloyatda bu bo‘yicha maxsus jamg‘arma bor. 25 iyul kuniga qadar ikki oylik zaxirani yaratamiz. Shundan so‘ng uch oylik zaxirani yaratishga kirishamiz», – deydi Zoyir Mirzayev.

Shuningdek, viloyat hokimi ehtiyojmand oilalarga yordam yetkazish masalalariga ham to‘xtaldi:

«Saxovat va ko‘mak» yo‘nalishida bir kunda fuqarolardan o‘rtacha 185ta qo‘ng‘iroq bo‘lmoqda. Shulardan 40tasi oziq-ovqat yoki dori darmonga muhtoj ekanini ma'lum qilmoqda. Bu masalalarni joyida hal etish imkoniyatimiz bor.

Ehtiyojmand oilalarga ko‘mak berish uchun «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armamizda 4,2 milliard so‘m mablag‘imiz bor. Homiylardan pul tushishda davom etmoqda. Misol uchun, kechaning o‘zida homiylardan 56 million so‘m mablag‘ tushgan».

Mavzuga oid