O‘zbekiston | 23:34 / 20.07.2020
19079
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh Davlat departamenti O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga pandemiyadan kelib chiqib kiritilgan qo‘shimchaga oid tanqidlarni qo‘llab-quvvatladi

AQSh Davlat departamenti COVID-19 pandemiyasiga qarshi javob choralari ko‘rilayotgan sharoitda dunyo bo‘ylab demokratiya, oqilona boshqaruv va inson huquqlarining ta'minlanishi Qo‘shma Shtatlar tomonidan qay tariqa qo‘llab-quvvatlanayotgani borasida bayonot e'lon qildi.

Bayonotda ta'kidlanishicha, avtoritar rejimlar pandemiya keltirib chiqarayotganidek inqirozga qarshi oqilona kurashishga qodir emas. Inqirozdan to‘g‘ri chiqib ketish imkoniyati demokratik jamiyatlarda yuqoriroqdir.

«Inson huquqlari, fundamental erkinliklar, demokratik institutlar hamda qonun ustuvorligi hurmat qilinadigan va himoya etiladigan jamiyatlarda inqirozlarga qarshi shaffof va samarali javob choralarini ko‘rish imkoniyati eng yuqori darajada bo‘ladi.

[...] Hukumatlar COVID-19`ga qarshi choralar qabul qilar ekan, kasallikdan shaxslar yoki g‘oyalarni repressiya qilish vositasi sifatida foydalanmasligi kerak», – deyiladi Qo‘shma Shtatlar tashqi siyosat idorasi bildirishida.

Bayonotda yuqoridagi nuqtayi nazardan kelib chiqqan holda, AQSh pandemiya davrida 16ta davlatda inson huquq va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha hozirgacha qanday choralar ko‘rib borgani sanab o‘tilgan.

Ular qatorida sobiq ittifoq respublikalaridan Rossiya, Ukraina, Ozarboyjon, Moldova va O‘zbekiston ham bor.

Qayd etilishicha, AQSh Rossiyaning pandemiyaga qarshi choralarga doir maqolalarni senzura qilayotgani va Checheniston Respublikasi rahbari Ramzon Qodirovning pandemiyani yoritayotgan ikki jurnalistga tahdidini qoralagan.

Shuningdek, amerikalik diplomatlar Ukrainada etnik ozchilik qatlam – lo‘lilarga qarshi aytilgan fikrlarga qarshi chiqqan: Ivano-Frankovsk shahri meri lo‘lilar karantinni mensimayotganini aytib, ularni shahardan chiqarib yuborishni taklif qilgandi.

Ozarboyjonda esa AQSh Davlat departamenti amaldorlarni COVID-19`ga qarshi ko‘rilayotgan choralar fuqarolik jamiyati va muxolifatning ovozini bo‘g‘ish uchun urinishga aylanib ketmasligiga chaqirgan. Amerika tomoniga ko‘ra, ozar davlat idoralari hukumatni tanqid qilgan muxolifat a'zolari va boshqalarni ta'qib qilib, bir holatda ana shunday shaxslardan biri psixiatriya kasalxonasiga yotqizilgan.

Bildirilishicha, Moldovada Amerika vakillari jurnalistlarning xavfsiz tarzda ishlashda davom etishlari uchun 5ta mahalliy OAV vakillarini niqoblar, qo‘lqoplar, qo‘l uchun antiseptiklar bilan ta'minlashgan.

O‘zbekiston haqida so‘z borar ekan, AQSh Davlat departamenti mamlakat Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalardan biriga e'tibor qaratgan.

«Davlat departamenti O‘zbekistonda jurnalistlarning o‘z fikrlarini erkin ifoda etish huquqlarini, jumladan COVID-19 haqida noto‘g‘ri axborot tarqatganlik uchun katta miqdorda jarimalar yoki 3 yilgacha qamoq jazosini ko‘zda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan Jinoyat kodeksini tanqid qilishlarini qo‘llab-quvvatladi», – deyiladi rasmiy relizda.

Eslatib o‘tamiz, shu yil mart oyida O‘zbekiston Jinoyat kodeksiga yangi modda (244-5) qo‘shilgan edi. Unga asosan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma'lumotlarni nashr qilish, boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda, OAVda yoki internetda tarqatish:

– yoki BHMning 200-400 baravaridagi jarima;
– yoki 300-360 soat majburiy jamoat ishlari;
– yoki 2-4 yil ahloq tuzatish ishlari;
– yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
– yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘zbekistonda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq ilk holat 15 mart kuni qayd etilgach, karantinga oid ma'muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytiruvchi qonun favqulodda tezkorlik bilan qabul qilingan edi.

Qonunni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 23 martda qabul qildi, Senat 24 martda ma'qulladi, prezident 26 mart kuni imzoladi va qonun shu kundan e'tiboran kuchga kirdi.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid