O‘zbekiston | 12:02 / 20.07.2020
35195
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Koronavirusni davolaymiz deb, deyarli barcha ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari to‘ldirib tashlandi

Shavkat Mirziyoyev talabalar yotoqxonalari va yopiq sport maydonlarini koronavirusga chalingan bemorlarni joylashtirish uchun moslashtirish haqida ko‘rsatma berdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 iyul kuni erta tongdan O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlarning chuqur tanqidiy tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. Unda Toshkent shahri va poytaxt viloyatida pandemiya bilan bog‘liq holat hamda uni barqarorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rib chiqilgan.

«Koronavirusni davolaymiz deb, deyarli barcha ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalari to‘ldirib tashlandi. Natijada surunkali kasalligi bor bemorlar malakali tibbiy xizmatdan deyarli mahrum bo‘ldi», dedi davlat rahbari.

Muasaddilarga surunkali kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan shifoxonalardagi koronavirusga chalingan bemorlarni boshqa joylarga, shu jumladan xususiy klinikalarga ko‘chirish orqali surunkali xastaligi bor bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatilishini qayta tiklash choralarini ko‘rish topshirig‘i berildi.

«Koronavirusga chalingan fuqarolar soni yanada oshib borishi hech gap emas. Shu munosabat bilan qisqa muddatlarda ushbu kasallikka chalinganlarni davolash uchun yaratilgan qo‘shimcha o‘rin-joylar sonini, birinchi navbatda oliygohlar yotoqxonalari, yopiq sport maydonlari va boshqa sig‘imi katta bino-inshootlar hisobiga, kamida ikki-uch barobarga oshirilishini ta'minlash vazifasi qo‘yildi», deya ta'kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Pandemiyaning salbiy oqibatlarini jilovlash va har bir rahbarning mas'uliyatini oshirish, fidokorlik ko‘rsatayotgan tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish ishlari davom ettiriladi.

Kasallik o‘chog‘ida o‘z jonini garovga tikib har bir kasalni o‘lim yoqasidan olib chiqayotgan shifokorlarni davlat mukofoti bilan taqdirlash bo‘yicha takliflar kiritish topshirig‘i berildi.

Bundan oldinroq ushbu yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayevga Toshkent shahridagi 75ta poliklinikaning imkoniyatlarini, ushbu muassasalarda faoliyat olib borayotgan 3 mingdan ortiq shifokor va hamshirani infeksiyaning yengil va simptomsiz kechayotgan bemorlarga xizmat ko‘rsatishga 24 soatlik uzluksiz rejimda to‘liq safarbar qilish topshirig‘i berilgani xabar qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahrining uch hududida - Uchtepa tumani hududidagi O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining yotoqxonasida, Chilonzor tumani hududidagi xususiy klinikada hamda Yunusobod tumanidagi «O‘zekspomarkaz» ko‘rgazma markazida yangi bemorlar uchun vaqtinchalik joylar tashkil etilgandi.

Mavzuga oid