O‘zbekiston | 13:46 / 21.07.2020
4803
2 daqiqa o‘qiladi

Kuvayt jamg‘armasi O‘zbekiston tibbiyot muassasalarini uskunalar bilan jihozlash uchun 5,6 mln dollar ajratishi mumkin

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi bosh direktorining o‘rinbosari bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Foto: Shutterstock

2020 yil 21 iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Siddiqov Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi (KAITJ) bosh direktorining o‘rinbosari Marvan Abdulloh al-G‘onim bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston va KAITJ o‘rtasidagi moliyaviy-texnik hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Jamg‘armaning O‘zbekistondagi ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarda, xususan qishloq hududlarida uy-joylar qurish, suv ta'minoti tizimini yaxshilash va aholini ichimlik suvi bilan ta'minlash sohasidagi ishtirokiga alohida e'tibor qaratildi.

KAITJ bosh direktorining o‘rinbosari koronavirusga qarshi kurash doirasida O‘zbekiston tibbiyot muassasalarini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash uchun 5,6 million dollar miqdoridagi Jamg‘arma mablag‘larini yo‘naltirish to‘g‘risidagi O‘zbekiston tomonining taklifini qo‘llab-quvvatladi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan KAITJ ishtirokida turli loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Mavzuga oid