Jahon | 09:38
2013
4 daqiqa o‘qiladi

BAA, Kuvayt va Saudiya Arabistoni yana Eron hujumlariga duch keldi

Ehtimoliy sulh rejalari muhokama qilinayotganiga qaramay, Eron mintaqadagi qo‘shni davlatlarga zarbalar berishda davom etmoqda. Yangi hujumlarga BAA, Kuvayt, Iordaniya va Saudiya Arabistoni duch keldi. Bir necha kishi yaralangan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan besh hafta o‘tib, Islom Respublikasi Fors ko‘rfazi mintaqasidagi qo‘shni mamlakatlarga hujumlarni davom ettirmoqda. Xususan, Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida sanoat obektiga qilingan hujumdan keyin bir kishi urib tushirilgan snaryad parchalaridan jarohat oldi. Bu haqda Abu-Dabi hukumati matbuot xizmati dushanba, 6 aprel kuni X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Al-Fujayra port shahrida, davlat axborot agentligi WAM ma’lumotiga ko‘ra, telekommunikatsiya kompaniyasi binosi Eron droni hujumiga uchragan, jabrlanganlar yo‘q. BAA mudofaa vazirligi xabariga ko‘ra, 6 aprel kuni 12 ta ballistik raketa, ikkita qanotli raketa va 19 ta dron ushlab qolingan. Ushbu Eron hujumlari oqibatida to‘rt kishi yaralangan.

Kuvayt shimolida, sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 6 aprel kuni Erondan uchirilgan raketalar qaytarilgan, ularning parchalari tufayli olti kishi jarohat olgan. Iordaniya esa hujumlar bilan bog‘liq to‘qqizta voqea haqida xabar berdi: mamlakat qurolli kuchlari uchta Eron dronidan ikkitasini ushlab qolgan, ikki kishi jabrlangan.

Ar-Riyodda ham Eron tomonidan hujumlar bo‘lgani ma’lum qilindi. Mamlakat mudofaa vazirligi 6 aprel kuni ertalab X tarmog‘ida ikki hujumkor uchuvchisiz apparat ushlab qolingani haqida xabar berdi. Ularning qayerga qulaganiga aniqlik kiritilmadi.

Shu bilan birga, Gretsiya mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, uning Patriot zenit-raketa majmuasi snaryadi Qizil dengiz sohilidagi Yanbu-al-Bahr port shahrida Eron dronini urib tushirgan. Bu haqda dpa agentligi xabar qildi. Ta’kidlanishicha, ushbu hududda havo hujumidan mudofaa majmuasining joylashtirilishi Gretsiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasida 2021 yilda tuzilgan ikki tomonlama kelishuv bilan bog‘liq.

Islom Respublikasining gaz obektlari, jumladan Fors ko‘rfazidagi ham, Isroil va AQShning navbatdagi hujumiga uchradi. Bu haqda 6 aprel kuni Eronning Fars axborot agentligi xabar qildi. Unga ko‘ra, Eron gaz sanoatining markazi hisoblangan Assaluya sanoat hududidagi neftni qayta ishlash zavodi yaqinida bir qator portlashlar yuz bergan.

Bundan avval, shu kuni Isroil mudofaa vaziri Israel Kats mamlakat armiyasi Eron janubidagi Assaluya shahrida joylashgan eng yirik neft-kimyo majmuasiga kuchli zarba berganini ma’lum qilgan edi. Katsning aytishicha, bu obekt Eron neft-kimyo mahsulotlarining taxminan yarmiga to‘g‘ri keladi.

Eron va AQSh hukumatlari vakillari jangovar harakatlarni to‘xtatish rejasini qabul qilishi, u hatto 6 aprelning o‘zidayoq kuchga kirishi va Ho‘rmuz bo‘g‘ozi blokadasini bekor qilishi kerak edi. Bu haqda Reuters agentligiga “Islomobod kelishuvi” deb nomlanayotgan reja bandlaridan xabardor, ismi ochiqlanmagan manba ma’lum qildi.

Manbaning so‘zlariga ko‘ra, asosiy kelishuv Pokiston tomonidan ishlab chiqilgan va Eron hamda AQSh hukumatlari vakillariga yetkazilgan. Unda ikki bosqichli yondashuv nazarda tutilgan: avvalo darhol o‘t ochishni to‘xtatish, keyin esa keng qamrovli kelishuv tuzish. Rasmiy Vashington va Tehron bu axborotga izoh bermadi. Shu bilan birga, Reuters ma’lum qilishicha, Eron keyinchalik vaqtinchalik sulhni emas, balki urushning doimiy yakunlanishini talab qilgan taklifni ilgari surgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid