O‘zbekiston | 00:05 / 22.07.2020
52886
7 daqiqa o‘qiladi

Andijonda ilk o‘lim holati qayd etildi, SSV yana bir podpolkovnik koronavirus qurboni bo‘lganini tasdiqladi

Sog‘liqni saqlash vazirligi 21 iyul kuni ham O‘zbekistonda koronavirusga chalinish oqibatida ro‘y bergan 4ta o‘lim holati haqida xabar berdi. Yetti kundan buyon kunlik o‘limlar soni to‘rttani tashkil etmoqda.

Bugun Andijon viloyatida koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi, shuningdek, yana bir ichki ishlar xodimi o‘limiga koronavirus sabab bo‘lgani tasdiqlandi.

Birinchi o‘lim. 14 iyul kuni Zangiota tumanidagi Ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklari shifoxonasiga o‘tkazilgan shayxontohurlik 64 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 64 yoshli M.M. (erkak) 25 iyun kunidan 14 iyul kuniga qadar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida «O‘tkir strangulyatsion ingichka ichak tutilishi» tashxisi bilan statsionar davolangan.

Bemorda 14 iyul kuni Covid-19 tasdiqlangan va o‘ta og‘ir holatda Zangiota tumanidagi Ko‘p tarmoqli yuqumli kasalliklari shifoxonasiga o‘tkazilgan.

Unga Covid-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, ingichka ichak rezeksiyasi va anastomozi operatsiyasidan so‘nggi holat tashxisi qo‘yilgan. Bemorda kasallik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan. 

Shuningdek, unda o‘tkir strangulyatsion ichak tutilishi hamroh xastaligi bo‘lgan.

Bemor asosiy kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Ikkinchi o‘lim. 15 iyul kuni Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan shayxontohurlik 68 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Toshkent shahri Shayxontohur tumanida yashagan 68 yoshli M.I. (ayol) joriy yil 25 iyundan 14 iyulga qadar Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazida davolangan.

15 iyul kuni unda Covid-19 tasdiqlangan va u o‘ta og‘ir holatda Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilib, sun'iy nafas berish apparatiga ulangan.

Bemorga Covid-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniyaning og‘ir kechishi tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir respirator distress sindrom, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi hamda poliorgan yetishmovchiligi kabi asoratlar bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, stenokardiya, infarktdan keyingi kardioskleroz, qandli diabetning og‘ir kechishi kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi hamda o‘pka shishidan vafot etgan.

Uchinchi o‘lim. 15 iyul kuni Andijon viloyatidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan 42 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi hamda o‘pka shishidan vafot etdi.

Andijon viloyati Andijon shahrida yashagan 42 yoshli G‘.I. (erkak)da joriy yil 15 iyul kuni Covid-19 tasdiqlangan va u viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga Covid-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asoratlari bilan kechgan. Shuningdek, bemor yurak ishemik kasalligi, gipertoniya, qandli diabet, semizlikning 4-darajasi kabi hamroh kasalliklar bilan ham og‘rigan.

Shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi hamda o‘pka shishidan vafot etgan.

To‘rtinchi o‘lim. 17 iyul kuni IIV Markaziy gospitalining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan 51 yoshli bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.

Toshkent shahri Olmazor tumanida yashagan 51 yoshli Z.S. (erkak) 17 iyul kuni IIV Markaziy gospitalining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan va 18 iyul kuni unda Covid-19 tasdiqlangan.

Unga Covid-19 infeksiyasining og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Bemorda kasallik o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.

Shuningdek, unda yurak ishemik kasalligi, qandli diabetning o‘ta og‘ir kechishi, ikkala boldir arteriyalari okklyuziyasi, chap son yonbosh arteriyasi stenozi, surunkali pankreatit kabi hamroh xastaliklar bo‘lgan.

Asosiy kasallik asoratlari hisobiga bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan to‘liq hajmda, standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan u o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etgan.

Vazirlik bu bemorlarning barchasiga mutaxassislar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar o‘tkazilgani, davolash jarayoni belgilangan standartlar asosida olib borilganini qayd etgan.

Bungacha Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi Axborot xizmati katta mutaxassisi, podpolkovnik Zoyir Saydaliyev 2020 yil 21 iyul kuni 51 yoshida vafot etgani haqida xabar bergandi. Vazirlik bu o‘limni o‘z statistikasida qayd etdi.

Shu tariqa, bu O‘zbekistonda rasman o‘limi qayd etilgan to‘rtinchi ichki ishlar organi xodimi bo‘ldi. 

13-14 iyul kunlari Toshkent shahar IIBB xodimi, 36 yoshli mayor A'loxon Shamahmudov va IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i, 48 yoshli podpolkovnik Shavkat Nafasov koronavirusdan vafot etgani xabar qilingandi. SSV bu o‘lim holatlarini 15 iyul kuni tasdiqladi.

Shuningdek, 16 iyul kuni Ichki ishlar vazirligi Sergeli IIO FMB podpolkovnigi Abdulaziz Toshev 12 iyul kuni 42 yoshida vafot etgani, uning o‘limiga koronavirusdan kasallangani sabab bo‘lgani haqida xabar berdi. Sog‘liqni saqlash vazirligi shu kuni o‘lim holatini tasdiqladi.

Endilikda O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari soni rasman 95taga yetdi. Shu vaqtgacha Toshkent shahrida 56, Toshkent viloyatida 10, Surxondaryo viloyatida 5, Buxoro va Namangan viloyatlarida 4, Jizzax, Navoiy, Samarqand viloyatlarida 3, Qashqadaryo viloyatida 2, Sirdaryo, Farg‘ona, Xorazm va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bittadan o‘lim qayd etilgandi. Endi bu ro‘yxatga Andijon viloyati ham qo‘shildi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid