Jahon | 20:16 / 22.07.2020
8362
2 daqiqa o‘qiladi

Ashxobodda odamlar to‘planishining oldini olish maqsadida ko‘chalardagi bankomatlar demontaj qilinmoqda

Turkmanistonda odamlarning gavjum bo‘lib to‘planishining oldini olish maqsadida poytaxt Ashxobodda bank muassasalaridan tashqarida joylashgan bankomatlar olib tashlanmoqda, deb yozadi turkmen.news.

Turkmen.news arxiv fotosi

Chunki bankomatlar oldida kartasidagi pulini naqdlashtirib olish ilinjida bo‘lgan yuzlab insonlardan iborat ulkan navbatlar hosil bo‘lmoqda. Endi aholi yanada kattaroq navbatlarga turishga majbur bo‘lmoqda: karta bilan hamma joyda ham savdo qilib bo‘lmaydi.

Rusbozor, Tekin bozoridagi banklar hovlisidagi, shuningdek mashhur savdo markazlaridagi bankomatlar olib tashlangan. Moliya muassasalari ichida katta navbatlar hosil bo‘lmoqda. Poytaxt aholisi, unga qo‘shilib qo‘shni Axal viloyatidan kelganlar maoshi, pensiyasi va bolalar nafaqasini yechib ololmayapti.

Ashxobodda karta vositasida to‘lov qilish mumkin bo‘lgan joylar kam, biroq so‘nggi kunlarda mana shu sanoqli joylarda ham cheklovlar joriy etilmoqda. Nashr manbasining so‘zlariga ko‘ra ayrim dorixonalarda 200 manat (8 AQSh dollari) savdodan oshsa pasportning kseronusxasi talab qilinmoqda. «Dorixonalarda ulkan navbatlar paydo bo‘lgan. Odamlar virusga va bakteriyaga qarshi preparatlar, himoya niqoblari va antiseptiklarni xarid qilishmoqda», degan u.

Turkmanistonda 21 iyuldan boshlab mahsulot pavilonlaridan tashqari barcha yirik bozorlar sanitar qayta ishlash maqsadida yopilgan. Ashxobodda barcha istirohat bog‘lari va savdo markazlariga ham qulf ilingan.

22 iyul kuni ko‘plab turkmanistonliklar quyidagi mazmundagi SMS-xabarnoma olishgan: «Atmosfera havosining inson organizmiga salbiy ta'sirining oldini olish uchun mamlakat sog‘liqni saqlash va tibbiyot sanoati vazirligi fuqarolarga himoya niqoblarini taqib yurishni tavsiya etadi».

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid