Koronavirus pandemiyasi sharoitida O‘zbekistonning tibbiyot sohasidagi yillar davomida to‘planib qolgan muammolar ko‘zga tashlanib qoldi. Qolaversa, karantin choralari kambag‘al qatlamning moliyaviy imkoniyatlarini yanada pasaytirib yubordi. Xo‘sh, viloyatlar kesimida pandemiya bois yuzaga chiqqan bu kabi muammolar qanday bartaraf etilmoqda?

Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatovga shu va boshqa savollar bilan murojaat qildik.

– Toshkent viloyatida yirik tibbiyot muassasalari kamligi bois viloyatliklar Toshkent shahridagi shifoxonalarga murojaat qilib keladi. Bu masala o‘tgan davrlar mobaynida hal etilmagani pandemiya vaqtida o‘zining salbiy tomonini namoyon qildi desak, xato qilmaymiz. Toshkent viloyatida yirik tibbiyot muassasalari yetishmasligi bilan bog‘liq muammoga pandemiya sharoitida qanday yechim topilyapti?

– Bugun rahbarlarning birinchi galdagi vazifasi koronavirus ta'sirini iloji boricha kamaytirishdir. Toshkent viloyati 22 tumandan iborat, 3 milliondan ortiq aholisi bor. Asosan Toshkent shahri atrofini egallagan. Qolaversa, Qozog‘iston bilan chegaradosh. Qozog‘iston, Tojikistondan O‘zbekistonga kiruvchi chegaralar viloyatimiz hududidan o‘tgan. Viloyatda maxsus kengaytirilgan shtab tuzilgan. Unda malakali mutaxassislardan iborat guruh ishlayapti.

Ilgari Toshkent viloyatining markazi Toshkent shahri bo‘lgan. Ushbu markaz joyi o‘zgartirildi. Bu esa viloyat aholisining muammolarini yechishga katta yordam berdi. Tasavvur qiling: viloyat markazi Toshkent shahrida bo‘lsa, barcha ma'muriy tashkilotlar joylashsa, bugungi ahvol qanday bo‘lardi? Viloyat kasalxonalari ham shaharda joylashgan edi.

Prezident o‘tgan yili Toshkent viloyatiga tashrifi yakunida viloyat sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilash bo‘yicha topshiriq berdi. Buning uchun 398 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. Barcha tuman tibbiyot birlashmalari imkoniyatlari mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqildi. Toshkent tumani markazidagi shifoxona sharoitlari juda xarob edi. 32 mlrd so‘mga rekonstruksiya qilindi. Jihozlanishi esa «Salomatlik» dasturi orqali amalga oshiriladi.

Yangiyo‘l tumanining shifoxonasi bo‘lmagan. Tumanning Xalqobod shaharchasida 30 mlrd so‘mga yangi shifoxona qurildi, yaqinda ishga tushadi. Yangiyo‘l shahrida esa 14 mlrd so‘m mablag‘ga yuqumli kasalliklar shifoxonasi qurilyapti. Chinoz tumanida 28 mlrd so‘mga zamonaviy shifoxona bunyod etildi. Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka tumanlarida yangi imkoniyatlarga ega poliklinika qurildi. O‘tgan yili sohaga salkam 400 mlrd so‘m ajratilgani bugun o‘z samarasini beryapti.