O‘zbekiston | 15:21 / 23.07.2020
8909
2 daqiqa o‘qiladi

Tez tibbiy yordam xizmati bemorda qaysi kasallik bo‘lishidan qat'i nazar birinchi yordam ko‘rsatishi shart - Otabekov

Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov bugun, 23 iyul kuni o‘tkazilgan maxsus brifingda bir qator savollarga javob berdi.

«Tez tibbiy yordam xizmati bemorda qaysi kasallik bo‘lishidan qat'iy nazar birinchi yordam ko‘rsatishi shart. Bosh tortishi mumkin emas.

Agar bu xizmat tomonidan bemorga yordam ko‘rsatishdan bosh tortilsa hududiy Sog‘liqni saqlash boshqarmalari ishonch telefoni orqali murojaat qilish maqsadga muvofiqdir», – dedi u.

Nurmat Otabekov koronavirus tarqalishi bo‘yicha jahondagi ayni vaziyat haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

«O‘zimiz bilan o‘zimiz ovora bo‘lib qolganligimiz sababli dunyodagi vaziyatga kamroq e'tibor qaratyapmiz.

O‘zbekistonda koronavirus kasalligi bo‘yicha vaziyat birmuncha barqaror bo‘lib turgan paytda, dunyodagi jiddiy holatni qayta-qayta gapirib, xalqimizni ogohlikka chaqirishga urindik, yurtimizda hozir hukm surayotgan epidemik vaziyatning oldini olishga va bu kabi profilaktik tadbirlarga barchani safarbar etishga harakat qildik. 

Afsuski, bizning xohishimiz yetib borgan joyga ko‘pchilikning xohishi yetib bormadi va hozir shunday qiyin kunlarni boshimizdan kechiryapmiz. Natijada keyingi kunlarda har kuni 500 ga yaqin bemorlar ro‘yxatga olinmoqda.

Bugungi kunda jahon miqyosida 15 mln 376 mingdan ortiq – bemorlar qayd etilgan. Ulardan 9 mln 352 mingdan ortig‘i sog‘aygan bo‘lsa, 630 mingdan ortig‘i - vafot etdi.

Dunyoda har kuni 250-280 ming nafar bemorlar yangidan ro‘yxatga olinyapti. Oxirgi bir kunda  AQShda 72 ming, Braziliyada 65.3 ming, Hindistonda 45.6 ming bemor qayd etilgan», – deya Bosh sanitariya inspektori so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid