O‘zbekiston | 08:39 / 24.07.2020
3403
5 daqiqa o‘qiladi

Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi takomillashtiriladi

Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi faoliyati takomillashtiriladi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlanadi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda boshqa tashkilotlarga aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘yicha funksiyalar yuklanadi.

Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa tashkilotlar (O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga muvofiq tasdiqlanuvchi ixtisoslashgan avariya-qutqaruv tuzilmalari to‘g‘risidagi Nizomlar bundan mustasno) O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining tegishli funksional va hududiy quyi tizimlari to‘g‘risidagi nizomlarni qayta ko‘rib chiqadilar hamda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlaydilar.

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, u O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimining (FVDT) asosiy vazifalarini, tarkibini hamda faoliyat ko‘rsatish tartibini belgilaydi.

FVDT boshqaruv organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, favqulodda vaziyatlarda aholini va hududlarni muhofaza qilish masalalarini hal etish vakolatiga kiradigan boshqa tashkilotlarning kuch - vositalarini birlashtiradi hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasidagi tadbirlarni tashkil etish va amalga oshirish, ular yuzaga kelganda aholi xavfsizligini, atrof muhitni muhofaza qilishni hamda tinchlik va harbiy davrda davlat iqtisodiyotiga zararni kamaytirishni ta'minlaydi.

Quyidagilar FVDTning asosiy vazifalari hisoblanadi:

  • tinchlik va harbiy davrda aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida davlat siyosatini amalga oshirish, me'yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va ijrosini ta'minlash;
  • respublika hududida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni prognozlashtirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini baholash;
  • favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish sohasida ilmiy-texnikaviy dastur, fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • boshqaruv organlari va favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish uchun mo‘ljallangan kuch-vositalarning doimiy shayligini ta'minlash, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish;
  • aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi axborotlarni yig‘ish, ishlab chiqish, ayirboshlash va berish;
  • favqulodda vaziyatlarda harakat qilish bo‘yicha aholini, boshqaruv organlarining rahbarlar tarkibini, qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari, shuningdek fuqaro muhofazasi tuzilmalarini tayyorlash;
  • favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralarini yaratish;
  • aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida davlat ekspertizasi, nazorati va tekshiruvini amalga oshirish;
  • o‘z vakolati doirasida favqulodda vaziyatlarda qidiruv, avariya-qutqaruv ishlarini amalga oshirishni ta'minlash;
  • favqulodda vaziyatlardan zarar ko‘rgan aholini ijtimoiy himoya qilishga doir tadbirlarni amalga oshirish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlardan sug‘urta qilishning maqbul tizimini ta'minlash;
  • aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida fuqarolarning, shu jumladan ularni tugatishda bevosita qatnashgan shaxslarning huquq va majburiyatlarini amalga oshirish;
  • aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish.
  • FVDT hududiy va funksional quyi tizimlari hamda axborot-boshqaruv tuzilmasidan iborat bo‘lib, respublika, mahalliy va obekt darajalariga ega.

FVDTning har bir darajasi quyidagilardan iborat bo‘ladi:

  • FVDT rahbar organlari;
  • FVDT kundalik boshqaruv organlari;
  • favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish kuchlari va vositalari;
  • favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish uchun moliyaviy va moddiy resurslar zaxiralari;
  • xabar berish, aloqa tizimlari, boshqaruv va axborot bilan ta'minlashning avtomatlashtirilgan tizimlari.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid