Jahon | 15:47 / 24.07.2020
14154
3 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston Strategik tadqiqotlar markazi rahbari: «Bizning quyosh barcha viruslarni yo‘q qilishi mumkin»

Virus tarqalishining oldini olish uchun mamlakat Strategik tadqiqotlar markazi hukumatga shaharda yo‘nalishli taksilarni qisqartirishni taklif qildi.

Foto: Asia-Plus

Tojikiston Strategik tadqiqotlar markazi direktori Xurshid Ziyoning fikricha, mamlakatda koronavirus yangi shtammining pandemiyasi «boshqa mamlakatlarda bo‘lgani kabi fojiali yuz bermadi». U bu haqda 24 iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Strategik tadqiqotlar markazi pandemiyaning mamlakat turli sohalariga ta'siri bo‘yicha bir qator tadqiqotlarni o‘tkazdi hamda hukumatga o‘z takliflarini kiritdi.

Ziyoning so‘zlariga ko‘ra, Tojikistonda koronavirus «mamlakat hukumati va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘z vaqtida ko‘rilgan choralar tufayli, shuningdek, aholi xavfni tushunib, ehtiyot choralari ko‘rishni boshlaganligi sababli fojiali ko‘rinishga ega bo‘lmadi».

«Uchinchi sabab - bizning tabiatimiz, quyoshimizning ultrabinafsha nurlari barcha turdagi viruslarni yo‘q qilishi mumkin. Agar gap quyoshda bo‘lsa, nima uchun Saudiya Arabistonida virus yo‘q qilinmadi, deb so‘rashmoqda. Men u yerda uch yil davomida tarjimon bo‘lib ishladim va shuni aytishim mumkinki, ularning osmoni doimo chang ichida, bu ultrabinafsha nurlarining tarqalishiga xalaqit beradi. Koronavirusni issiqlik emas, balki ultrabinafsha nurlari yo‘q qiladi», - dedi Ziyo.

Ziyoning so‘zlariga ko‘ra, Strategik tadqiqotlar markazining koronavirus tarqalishi oldini olish bo‘yicha takliflaridan biri shaharda yo‘nalishli taksilarni kamaytirish va avtobuslar sonini ko‘paytirish bilan bog‘liq. Uning fikriga ko‘ra, avtobuslar ijtimoiy masofani saqlashga ko‘proq yordam beradi.

Ziyo tadqiqot tafsilotlarini oshkor qilmadi hamda markaz tadqiqot haqida faqat rasmiy taqdimotdan so‘ng ma'lumot berish huquqiga ega ekanligini ta'kidladi.

Hozirgi vaqtda quyosh ultrabinafsha nurlari va COVID – 19 o‘rtasidagi bog‘liqlikni ko‘rsatadigan tan olingan tadqiqotlar mavjud emas.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid