Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tadbirkorlikni moliyalashtirish uchun resurslar yetishmayotgani bo‘yicha Markaziy bank raisiga parlament so‘rovi yuboriladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyalashtirish uchun tijorat banklarida resurs yetishmayotgani, nobank kredit tashkilotlari xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj yuqoriligiga qaramay ularning kredit bozoridagi salmog‘i esa pastligicha qolayotgani bo‘yicha Markaziy bank raisiga parlament so‘rovi yuboriladi. Bu haqda quyi palata axborot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, deputatlar tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuv va muloqotlarda bugungi kunda aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyalashtirishda tijorat banklarida resurslar yetishmasligi bilan bog‘liq tizimli masalalar mavjudligi aniqlangan.
Qolaversa, nobank kredit tashkilotlari xizmatlariga bo‘lgan ehtiyoj yuqoriligicha, ayni paytda mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan nobank kredit tashkilotlarning kredit bozoridagi salmog‘i esa past darajada qolmoqda. 2020 yilning 1 iyun holatiga, nobank kredit tashkilotlarining jami kredit qoldig‘i 801,7 mlrd. so‘mni tashkil etib, banklar tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar (ipoteka krediti bundan mustasno) qoldig‘ining atigi 3.8 foizini tashkil etgan.
«Respublikamizda faoliyat yuritayotgan nobank kredit tashkilotlarining umumiy soni 118 ta bo‘lib, shundan mikrokredit tashkilotlari soni 57 ta va lombardlar soni 61 tani tashkil etadi hamda ularning aksariyat qismi ya'ni, 53 tasi Toshkent shahrida joylashgan.
Qoraqalpog‘istonda nobank kredit tashkilotlarining mavjud emasligi, Qashqadaryoda 1 ta, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida 2 tadan faoliyat yuritayotganligi mikromoliyaviy xizmatlarning mazkur hududlarda rivojlanmayotgani va tadbirkorlar ushbu xizmatlardan foydalanish imkoniyatidan mahrum ekanidan dalolat beradi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuradovga «Mamlakatimizda mikromoliyalashtirish turlari va ko‘lamini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqida qaror qabul qilindi», deyiladi quyi palata axborot xizmatining xabarida.
Avvalroq 2019 yilda turli idoralarning rahbarlariga yuborilgan 175ta deputatlik so‘roviga ularning o‘rinbosarlari javob qaytarishgani, aslida parlament, deputat va senator so‘roviga mansabdor shaxsning o‘zi javob berishi kerakligi aytilgandi.
Mavzuga oid
17:55 / 09.06.2026
«Svetofor - yo‘lchiroq, parol - o‘ron» - deputatlar yangi qonunni ma’qulladi
21:24 / 03.12.2025
Tanzila Norboyeva Budapeshtda Vengriya prezidenti va Milliy Assambleyasi raisi bilan uchrashdi
20:23 / 12.11.2025
Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti majlisida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi
15:01 / 10.11.2025