Atrof-muhitning himoya niqoblari va qo‘lqoplar bilan ifloslanishi hajmi ortmoqda - BMT
Koronavirus pandemiyasigacha atrof-muhitga tahdid qilgan asosiy xavflardan biri plastik hisoblangan bo‘lsa, koronavirusning kelishi sayyoraning himoya niqoblari, bir martalik qo‘lqoplar va qo‘llar uchun dezinfeksiyalash vositalari idishlari bilan ifloslanishining keskin ko‘payishiga olib keldi.
BMTning savdo va rivojlanish bo‘yicha konferensiyasining (YuNKTAD) ma'ruzasida ma'lum qilinishicha, koronavirus pandemiyasiga qarshi kiritilgan cheklovlar issiqxona gazlarining atrof-muhitga chiqishining 5 foizga qisqarishiga olib kelgan. Biroq koronavirus tarqalishiga qarshi kiritilgan hamma choralar ham atrof-muhitga ijobiy ta'sir ko‘rsatmagan.
“Ko‘chalarimiz, plyajlarimiz va okeanlarimiz chiqindilar sunamisi, jumladan yuz uchun plastik niqoblar, dezinfeksiya vositalari idishlari va oziq-ovqat mahsulotlari qadoqlaridan jabr ko‘rdi”, deyilgan ma'ruzada.
YuNKTAD’ning xalqaro savdo departamenti direktori Pamela Kouk-Gamiltonning ta'kidlashicha, atrof-muhitning plastik bilan ifloslanishi shundoq ham sayyoraga koronavirus pandemiyasigacha xavf solgan asosiy muammolardan biri bo‘lgan.
“Odamlar xavfsizligini ta'minlashga va kasallik tarqalishini to‘xtatishga qaratilgan buyumlardan kundalik foydalanishning keskin ortishi vaziyatni yanada yomonlashtirdi”, deb ta'kidlab o‘tgan Kouk-Gamilton.
Grand View Research konsalting kompaniyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab bir martalik niqoblar savdosi hajmi 2019 yildagi 800 mln dollardan 2020 yilda 166 mlrd dollargacha ko‘paygan.
Ma'ruzada ta'kidlanishicha, ijtimoiy masofalashuv uylarga plastik qadoqlarga o‘ralgan tovarlar va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilishi hajmi oshishiga olib kelgan. Mutaxassislarning baholashicha, plastik chiqindilarning atrof-muhitga, jumladan baliqchilik, turizm va dengiz transportiga salbiy ta'siri yiliga 40 mlrd dollarni tashkil qiladi.
Shu munosabat bilan YuNKTAD hukumatlarga plastikdan foydalanishdan voz kechish yoki uning o‘rnini bosuvchi bezarar va bioparchalanuvchi materiallarga, jumladan, shisha, sopol, tabiiy tolalar, qog‘oz, karton, tabiiy kauchuk va hayvon oqsillariga o‘tish iltimosi bilan murojaat qilmoqda.
Mavzuga oid
14:24 / 10.06.2024
Hukumatning atrof-muhitni muhofaza qilishga oid vazifalari belgilanmoqda
10:37 / 24.04.2024
Ekologiya vazirligi dam olish maskanlariga borayotgan fuqarolarni atrof-muhitni ifloslantirmaslikka chaqirdi
07:36 / 29.11.2023
Atrof-muhitni ifloslantiruvchi korxonalar faoliyatini vaqtincha to‘xtatish taklif etildi
23:23 / 31.05.2023