Jahon | 20:19 / 29.07.2020
4326
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Germaniyadan 12 ming harbiysini olib chiqadi 

AQSh harbiy qo‘mondonligi Germaniyadan deyarli 12 ming amerikalik harbiyni olib chiqishga qaror qildi. Bu haqda 29 iyulda Pentagonda ma'lum qilindi.

Foto: dpa

Rejaga ko‘ra, 6,4 ming harbiy AQShga qaytadi, yana 5,6 mingi Yevropaning boshqa davlatlarida joylashtiriladi. Yevropada qoldiriladigan amerikalik harbiylar asosan Italiya va Belgiyada joylashtirilishi kutilmoqda. Shuningdek, agar kelishuvga erishilsa, ular Polsha va Boltiq davlatlariga jo‘natilishi ham mumkin.  

Pentagon rahbari Mark Esper qo‘shinlarning olib chiqilishi yaqin haftalarda boshlanishi va bir necha million dollarga tushishini ma'lum qilgan.

“EUCOM’ning joriy rejasi NATOni mustahkamlash, Rossiyani bosib turishni kuchaytirish va men ta'kidlab o‘tgan boshqa tamoyillarga mos keladigan holda Germaniyadan 11,9 ming harbiyni olib chiqishni ko‘zda tutadi”, deb aytgan Esper Vashingtondagi brifingda.

Shu tariqa, Germaniyadagi amerikalik harbiylar soni 36 mingdan 24 minggacha kamaytiriladi. 

Esperning ta'kidlashicha, AQShga qaytariladigan ba'zi harbiylar rotatsiya asosida yana Yevropaga jo‘natilishi mumkin.

Iyul boshida AQSh prezidenti Donald Tramp Germaniyadan qo‘shinlarning bir qismi olib chiqilishi rejasini ma'qullagandi. O‘shanda Germaniyadan 9,5 ming amerikalik harbiy olib chiqilishi ma'lum qilingan.

Tramp Germaniyadan qo‘shinlar olib chiqilishi qarorini Germaniya mudofaaga yetarlicha mablag‘ ajratmayotgani va shu tariqa NATOga putur yetkazayotgani bilan tushuntirgandi. Uning ta'kidlashicha, agar rasmiy Berlin mudofaa budjetini oshirsa, barcha amerikalik harbiylar yana Germaniyaga qaytariladi.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid