Kun.uz muxbiri Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining tegishli boshqarma boshliqlari bilan telefon orqali intervyu uyushtirdi va qabul jarayonlari hamda boshqa masalalar borasidagi savollarga javob oldi.

– Ma'lumki, 11 yillik ta'lim qayta yo‘lga qo‘yilgandan keyin ko‘plab litsey va kasb hunar kollejlari tugatildi. Bizga kasb-hunar kolleji o‘qituvchilaridan juda ko‘p murojaatlar bo‘lmoqda. Unga ko‘ra, shu paytga qadar kasb-hunar kollejlarida dars berib kelgan ko‘plab o‘qituvchilar ishdan bo‘shatib yuborilmoqda. Vazirlikning mas'ul boshqarmasi shu kabi o‘qituvchilar taqdiriga nega befarq qaramoqda? Bu masala o‘zining ijobiy yechimini topadimi?

O‘tkir Alijonov, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi boshqarma boshlig‘i

– O‘zbekiston prezidentining 2018 yil 25 yanvardagi «Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta'limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 5313-son farmoniga asosan umumiy o‘rta ta'lim maktablarida 10- va 11-sinflar tashkil etilishi munosabati bilan kasb-hunar kollejlarida o‘quv soatlari va shtat birliklari qisqardi.

Shtatlari qisqargan o‘qituvchilar, ishlab chiqarish ta'limi ustalarini ish bilan ta'minlash maqsadida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus va Xalq ta'limi vazirligi o‘rtasida hamkorlik o‘rnatilgan.

Xususan, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan dars soatlari va shtat birliklari qisqargan kasb-hunar kollejlarining o‘qituvchilari, ishlab chiqarish ta'limi ustalarini ish bilan ta'minlashda ko‘mak berish maqsadida ularning nomma-nom ro‘yxatlari shakllantirib Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Xalq ta'limi vazirliklariga taqdim etildi.

Xalq ta'limi vazirligi umumta'lim maktablarida 10- va 11-sinflar ochilishi hisobidan shakllangan dars soatlari va tashkil etilgan shtat birliklariga yuqoridagi  shtati qisqargan umumta'lim fan o‘qituvchilarini va ishchi-xodimlarini ishga qabul qilib kelmoqda.

2019 yilda dars soatlari va shtat birliklari qisqargan 37454 nafar o‘qituvchi va ishlab chiqarish ta'limi ustalariga ishga joylashishga ko‘mak ko‘rsatildi.

Prezidentning 2019 yil 6 sentyabrdagi «Professional ta'lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi  PF-5812-son farmoniga asosan 2020/2021 o‘quv yilidan yangi professional ta'lim tizimi tashkil etilmoqda.

Bugungi kunga qadar 339ta kasb-hunar maktablariga 70 mingdan ortiq 9-sinf bitiruvchilarining hujjatlari onlayn platforma orqali qabul qilindi. Shu bilan birga, kollejlar va texnikumlarga ham yangi o‘quv yili uchun o‘quvchilarni qabul qilishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.