O‘zbekiston | 08:44 / 30.07.2020
1440
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda elektron kraudsorsing platformasini yaratish uchun turk ekspertlari jalb qilinadi

Platforma respublikada loyihalarni amalga oshirayotgan xorijiy va mahalliy ishbilarmonlarga yuzaga kelayotgan muammolar haqida onlayn-rejimda xabar berish imkoniyatini yaratadi.

Joriy yilning 29 iyul kuni O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov Turkiya Buyuk milliy majlisi a'zolari J.Yilmaz va L.Elvan bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonning har tomonlama ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta'minlash maqsadida Turkiyaning yetakchi mutaxassislari va maslahatchilarini jalb qilish bo‘yicha joriy hamkorlikning borishi ko‘rib chiqildi. 

Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotining bir qator ustuvor tarmoqlari - qurilish, qishloq xo‘jaligi, energetika, to‘qimachilik va qurilish materiallari ishlab chiqarishning rivojlanishini faollashtirish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Institutsional islohotlarni amalga oshirishda, investitsiya muhitini izchil yaxshilashda, yirik xorijiy investorlarni jalb qilish va korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini joriy etishda Turkiya tajribasini o‘rganish va qo‘llashning istiqbollari ta'kidlandi. Kelgusida birgalikda ishlash uchun aniq yo‘nalishlar, jumladan, qonun hujjatlaridagi o‘zgarishlarning respublika investitsiya muhitiga ta'sirini baholash, qurilish sohasida texnik reglamentlar va jarayonlarni optimallashtirish, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yuksaltirish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.

Tomonlar O‘zbekistonda elektron kraudsorsing platformasini yaratish uchun turk ekspertlarini jalb qilish to‘g‘risida kelishib oldilar. Ushbu platforma respublikada loyihalarni amalga oshirayotgan xorijiy va mahalliy ishbilarmonlarga yuzaga kelayotgan muammolar haqida onlayn-rejimda xabar berish, tegishli davlat tuzilmalariga esa - kelib tushgan so‘rovlarga tezkor javob berish imkoniyatini beradi.

Bundan tashqari, Turkiya va O‘zbekiston kompaniyalari ishtirokida qator investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, charm-poyabzal va avtomobil sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarga yangi investorlarni jalb qilish doirasida o‘zaro hamkorlik qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, O‘zbekiston davlat organlari xodimlari uchun malaka oshirish va safarga chiqish bilan bog‘liq stajirovka o‘tash dasturlarini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid