Jahon | 19:58 / 31.07.2020
5747
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqayotgan ikki kompaniyaga 2,1 milliard dollar ajratadi

AQSh hukumati koronavirusga qarshi vaksinani birgalikda ishlab chiqayotgan Sanofi fransuz farmakologik korporatsiyasi va GSK (GlaxoSmithKline) britan kompaniyasiga 2,1 mlrd dollar ajratadi. Bu haqda ikki kompaniyaning bayonotida ma'lum qilingan.

Kelishuv doirasida ushbu kompaniyalar vaksinani muvaffaqiyatli ishlab chiqsa, undan AQShga 100 mln doza yetkazib beradi. Shu bilan birga, kelgusida AQSh ushbu vaksinadan qo‘shimcha 500 mln doza olishi mumkin. Ta'kidlanishicha, ajratiladigan mablag‘ning katta qismi Sanofi’ga tegadi.

AQSh sog‘liqni saqlash vaziri Aleks Azarning aytishicha, hukumatning ushbu investitsiyalari “yil oxirigacha koronavirusga qarshi kamida bitta xavfsiz vaksina olish imkoniyatini oshiradi”.

Sanofi va GSK DNK rekombinatsiyasi texnologiyasiga asoslangan o‘z vaksinasining klinik sinovlarini sentyabrda boshlab, uni 2021 yilning 1-yarmida sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda. Sanofi’da ta'kidlanishicha, vaksina “samarali va ishonchli” bo‘ladi va katta hajmlarda ishlab chiqariladi. Korporatsiya vaksina sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tsa, undan yiliga 1 mlrd doza ishlab chiqarishni mo‘ljallamoqda.  

Ayni vaqtda AQSh koronavirusga qarshi vaksina yetkazish bo‘yicha bir nechta kompaniyalar bilan kelishuvga erishgan. Ular orasida AQShning Pfizer, Germaniyaning BioNTtech va AstraZeneca britan-shved kompaniyalari bor.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid