Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Germaniya yalpi ichki mahsuloti rekord darajada qisqardi
Germaniyada YaIM o‘sish ko‘rsatkichlari 2020 yilning ikkinchi choragida 10,1 foizga pasaydi. Bu haqida mamlakat Federal statistika idorasi ma'lumotlariga asoslanib, Deutsche Welle xabar bermoqda.
Ma'lum bo‘lishicha, bu – Germaniyada YaIMning choraklik o‘sish ko‘rsatkichlarini hisoblash boshlangan 1970 yildan beri qayd etilgan eng yirik pasayish hisoblanadi.
O‘tgan yilning xuddi shu davriga, 2019 yil aprel-may oyiga solishtirganda natijalar yana ham yomonroq: 11,7 foizlik pasayish qayd etilgan. Bunga eksportdagi jiddiy muammolar, iste'mol xarajatlari qisqarishi va davlat chiqimlarining oshishi sabab bo‘lgan.
Mart oyida qator iqtisodchilar koronavirusning Germaniya iqtisodiyotiga ta'sirini tahlil qilib, mamlakatda yillik YaIM ko‘rsatkichi 2,8 foizga tushishini taxmin qilgan edi. Ushbu prognoz cheklovlar 5 hafta davom etishi va keyinchalik sekinlik bilan yumshatib borilishi taxminiga asoslangandi.
So‘nggi oylar mobaynida hukumat tomonidan inqiroz ta'sirini yumshatish uchun favqulodda kreditlar, soliq imtiyozlari va kredit kafolatlari uchun millionlab yevro paketlar ajratildi.
Federal Mehnat agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, YaIMdagi pasayishga qo‘shimcha ravishda Germaniyada may oyida 6,7 million kishi, undan oldingi oyda esa 6,1 million ishchi mehnat ta'tilida yoki ishsiz bo‘lgan, bu muddat davomida hukumat ularni qo‘llab-quvvatlagan.
Iyul oyida ishsizlik ko‘rsatkichi iyun oyiga nisbatan o‘zgarishsiz qolmoqda va bu pandemiyaning dastlabki ta'sirlari yumshayotgani belgisi sifatida ko‘rilmoqda.
Avvalroq pandemiya davrida Yevropa mamlakatlari ichida eng ko‘p Ispaniya iqtisodiyoti zarar ko‘rgani, bu yerda YaIM 2-chorak yakunlariga ko‘ra 18,5 foizga pasaygani ma'lum bo‘lgandi.
Ushbu davrda Fransiya iqtisodiyoti 13,8 foizga qisqargan.
Eslatib o‘tamiz, kecha AQSh yalpi ichki mahsuloti ham rekord darajada pasaygani xabar qilingandi.
Mavzuga oid
10:00 / 10.06.2026
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:40 / 09.06.2026
Yevropaning yangi avlod jangovar samolyoti loyihasi to‘xtatildi
11:20 / 08.06.2026
O‘zbekiston fuqarolarini Germaniya mehnat bozoriga jalb etish kengaytiriladi
08:40 / 06.06.2026