Jamiyat | 19:44 / 31.07.2020
20805
4 daqiqa o‘qiladi

«Moddiy yordam ololmaganlar mahalla raisi, sektor rahbari yoki hokimlik qoshidagi shtabga murojaat qilishi kerak» – Akmalxon Ortiqov

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Akmalxon Ortiqov qandaydir sababga ko‘ra moddiy yordam ololmagan ehtiyojmand oilalar mahalla raisiga, sektor rahbariga, basharti qoniqarli javob bo‘lmagan taqdirda hokimlik qoshidagi shtabga murojaat qilish kerakligini aytdi.

Foto: Reuters

«Ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan, biroq qandaydir sababga ko‘ra ehtiyojmand oilalar ro‘yxatiga kiritilmagan yoxud ro‘yxatga kirgan bo‘lsa-da yordam olmagan fuqarolar birinchi navbatda o‘zlari yashayotgan mahallaning raisiga murojaat qilishlari kerak. Agar mahalla raisi fuqaroning murojaatiga hech qanday reaksiya bildirmasa, qoniqarli javob bermasa, u holda mazkur hududga mas'ul bo‘lgan sektor rahbariga murojaat qilish kerak.

Bugungi kunda tumanlarda boshqaruv sektorlarga ajratilgan. Bular – tuman hokimi, prokurori, IIB va DSI boshliqlari. Moddiy yordam pullari tarqatilishi ham viloyatdagi 4 ta sektor rahbari orqali quyi tizimlardagi sektor rahbarlari zimmasiga yuklatilgan. Ular mutasaddi idoralar tomonidan shakllantirilgan ehtiyojmand va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlari asosida naqd pullarni bankdan olib, o‘zlarining aholiga shaxsan topshirishlari shart. Joylardagi mas'ullar ishlarning natijasi bo‘yicha viloyatdagi 4 ta sektor rahbariga axborot berishadi, buning uchun hisobdorlik belgilangan. Shu sababli mazkur jarayonda qandaydir muammo, tushunmovchilik yuzaga kelsa, ularga murojaat qilgan ma'qul.

Bundan tashqari, viloyat va tuman hokimliklari qoshida hokimlarning iqtisodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari boshchiligida maxsus shtab tashkil etilgan. Agar mahalla raisi va sektor rahbarlariga yordam pullari ajratilmagani, tashkiliy kamchiliklar yuzasidan qilingan murojaatlar bo‘yicha o‘zgarish bo‘lmagan taqdirda mazkur masala bo‘yicha hokimliklar qoshidagi shtabga murojaat qilishni tavsiya etamiz.

Agarda ajratilgan pul muhtoj oilalar ro‘yxatiga kiritilgan kimlargadir yetmay qoladigan bo‘lsa yoki moddiy ko‘makka muhtoj bo‘lsa-da ro‘yxatga kiritilmay qolgan bo‘lsa, ularga qo‘shimcha ravishda mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. E'tibor qilinsa, dastlab ayni maqsad uchun «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasining hududiy bo‘limlariga 150 mlrd so‘m berilishi ko‘zda tutilgan edi, biroq prezident farmoni bilan 200 mlrd so‘m ajratildi. 50 mlrd so‘m mana shunday bahsli vaziyatlarga yechim sifatida ajratilgan», deya Akmalxon Ortiqovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir o‘rinbosarining ta'kidlashicha, prezident farmoni bilan ajratilgan yordam bir martalik bo‘lib, keyingi oylarda ham ehtiyojmand oilalar uchun xuddi shunday moddiy yordam ajratilishi ko‘zda tutilmagan.

Eslatib o‘tamiz, prezident farmoniga muvofiq moddiy ko‘makka muhtoj oilalarga respublika budjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilangan edi.

Farmonga ko‘ra ehtiyojmand oilalarga hayit munosabati bilan 200 mlrd so‘m, karantin davrida daromadsiz qolgan aholini qo‘llab-quvvatlash uchun esa 380 mlrd so‘m tarqatilishi rejalashtirilgan.

Har ikki turdagi moddiy yordam naqd pul shaklida berilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid