Jahon | 20:59 / 02.08.2020
20017
2 daqiqa o‘qiladi

Opa-singilning yarim asrdan keyin bir-biri bilan topishishiga koronavirus sababchi bo‘ldi

AQShning Nebraska shtatida opa-singil 50 yildan ko‘proq vaqtdan keyin bir-biri bilan topishdi. Bunga esa ayollardan birining koronavirusga chalingani sabab bo‘lgan.

UPI nashrining xabar berishicha, 73 yoshli Doris Krippen may oyida betob bo‘lib qolgan. Ayol o‘zini grippga chalingan deb hisoblab yurgan, biroq uning organizmi kasallik tufayli shunchalik nimjonlashib ketganki, u oxir-oqibat yiqilib tushib, qo‘lini sindirib olgan. Tekshiruv natijasida keksa ayolda koronavirus borligi aniqlangan. U deyarli 30 kun shifoxonada o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgan.

Ayol shifoxonadan chiqqach, Fremont shahridagi reabilitatsiya markaziga jo‘natilgan. Keyinroq aniqlanishicha, u yerda 20 yildan beri uning singlisi – 53 yoshli Bev Boro ishlab kelgan. Boro Krippenni mijozlar ro‘yxatida ko‘rishi bilanoq unda u opasi ekanligiga ishonch paydo bo‘lgan.

“Men bunga ishona olmasdim. Men “Yo Tangri, bu mening opam bo‘lsa kerak”, deb o‘yladim”, deb Boroning so‘zlarini keltirib o‘tgan nashr.

Krippen yaxshi eshitmagani sababli, Boro ularning umumiy otasi ismini unga doskada yozib ko‘rsatgan. Keksa ayol esa ismi keltirilgan odamning qizi ekanini tasdiqlagan.

“Meni bu yerga jo‘natishgani Tangri inoyatidir. Chunki bu yerga jo‘natilmaganimda, singlimni topa olmasdim”, deb aytgan Krippen.

Yarim asrdan beri ko‘rishmagan opa-singilning otasi bir, onalari boshqa bo‘lgan. Krippen o‘z onasi tomonidan voyaga yetkazilgan, Boro esa 6 oylik vaqtida boshqa kishilar tarbiyasiga berilgan. Ta'kidlanishicha, ayollarning boshqa aka-uka va opa-singillari ham bor bo‘lib, Boro ulardan ko‘pchiligini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Mavzuga oid