Jahon | 16:16 / 04.08.2020
5600
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada Tojikiston fuqarosi terrorizmda gumonlanib qo‘lga olindi

Ular dastlab Tojikistonda hukumatga qarshi urush qilishni rejalashtirgan, ammo keyin fikridan qaytib, Germaniyada teraktlar uyushtirishga qaror qilishgan.

Foto: DPA

Albaniya Germaniya federal prokuraturasi so‘roviga ko‘ra terrorizmda gumonlangan Tojikiston fuqarosi Komron B.ni ekstraditsiya qildi. U Frankfurt-Mayn aeroportida hibsga olindi.

Qayd etilishicha, u IShID terrorchi guruhining boshqa a'zolari bilan terrorchilik guruhini tashkil qilgan. Uning sheriklari deb taxmin qilingan besh kishi aprelda qo‘lga olingan, iyulda ularga ayblov e'lon qilingandi. Komron B. 29 aprelda Albaniyada ushlangandi.

Hibsga olish uchun orderda ko‘rsatilishicha, Komron B. va uning sheriklari 2019 yil yanvarda IShID a'zolariga aylangan. Ular dastlab Tojikistonda hukumatga qarshi urush qilishni rejalashtirgan, ammo keyin fikridan qaytib, Germaniyada teraktlar uyushtirishga qaror qilishgan.

Ular IShIDning Suriya va Afg‘onistondagi yetakchilari bilan muntazam aloqada bo‘lgan va topshiriqlar olgan. AQShning Germaniyadagi harbiy xizmatchilari va fuqarolari teraktlar nishoniga aylanishi lozim bo‘lgan. 

 Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, ular bu rejalarini amalga oshirish uchun o‘qotar qurollar va o‘q-dorilarga ega bo‘lishgan. Bundan tashqari, ulardan qo‘lbola portlovchi va yonuvchi qurilmalarni yasash bo‘yicha qo‘llanmalar topilgan.

Germaniya politsiyasi aprelda FRG hududida teraktlar sodir etishni rejalashtirgan tojikistonliklarni qo‘lga olganini xabar qilgandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid