Jahon | 00:46 / 04.08.2020
40944
9 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: JSST «sehrli tayoqcha» paydo bo‘lmasligi haqida ogohlantirmoqda, kruiz laynerlar yana kasallik o‘chog‘i

Avstraliyaning Melburn shahri koronavirus tarqalishi ortidan karantin choralarini kuchaytirmoqda: u yerda do‘konlar yopiq, fabrika va zavodlar ishlab chiqarishni qisqartiryapti. Shu orada Manchester va uning atrofidagi tumanlardagi yangi Covid-19 holatlari soni o‘sishi favqulodda holat deb tavsiflandi.

Reuters

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lum qilishicha, koronavirusga qarshi orziqib kutilayotgan vaksina hamma muammolarni hal qiladigan mehrigiyo bo‘lmasligi mumkin. «Hozirgi vaqtda hech qanday «sehrli tayoqcha» yo‘q va hech qachon paydo bo‘lmasligi ham mumkin», deydi JSST direktori Tedros Adanom Gebreyyesus.

3 avgust holatiga ko‘ra dunyoning barcha mamlakatlari bo‘yicha koronavirusga chalinish bilan bog‘liq holatlar soni 18 milliondan oshdi. Jons Hopkins universiteti sayti ma'lumotiga ko‘ra, deyarli 690 ming bemor vafot etgan,

10,7 million bemor kasallikdan sog‘aygan. So‘nggi 24 soat ichida dunyoda 228,7 mingta yangi kasallanish holati qayd etildi.

Zararlanish soni bo‘yicha hududida 4,6 mln bemor ro‘yxatga olingan AQSh yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinda - Braziliya (2,7 mln), Hindiston (1,8 mln) va Rossiya (854,6 ming) mos ravishda uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarda joylashgan.

Avstraliyada do‘konlarni yopishyapti
Avstraliyada koronavirus avj olishi tufayli Viktoriya shtati karantin choralarini qat'iylashtirishda davom etmoqda. Melburnda kamida 6 hafta davomida do‘konlar yopiq bo‘ladi.

Melburnda kasallik avj olgan / REUTERS

Fabrika va zavodlarga ishlab chiqarish va ishchi xodimlar sonini qisqartirish talabi qo‘yilgan. Shtat bosh vaziri Deniyel Endryus cheklov 250 ming nafar xodimga aloqador bo‘lishi haqida xabar berdi. Supermarketlar, oziq-ovqat do‘konlari, dorixona va banklar ishlashda davom etadi.

Melburnda hozirgacha amalda bo‘lgan talablarga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlarini sotib olish uchun oiladan faqat bir kishi va haftada bir marta borishi mumkin. Do‘kon uydan 5 km radius oralig‘ida bo‘lishi kerak. Sport bilan shug‘ullanish uchun bir soatdan ko‘p bo‘lmagan vaqtga uyni tark etish mumkin. Bosh vazir aholidan birdaniga 6 haftaga yetadigan oziq-ovqat g‘amlamaslikni, faqat hozirda zarur mahsulotlarni sotib olishni so‘ragan.

Bundan tashqari, Melburnda kechki soat 8dan tonggi soat 5gacha komendantlik soati amal qiladi. 

Avstraliya hozirgi kunga qadar infeksiya tarqalishini samarali tarzda nazoratga olgandi, biroq so‘nggi bir oy ichida Melburnda vaziyat yomonlasha boshladi. Mamlakatda qayd etilgan 18,3 ming holatning yarmidan ko‘pi Viktoriya shtatiga to‘g‘ri kelmoqda. Avstraliyada Covid-19’dan shu vaqtgacha 215 kishi vafot etdi.

Manchesterda favqulodda holat

Manchester va uning atrofidagi hududlar hukumati koronavirusdan zararalanish holatlari o‘sishini favqulodda holat sifatida baholamoqda. Ammo shahar ma'muriyati bu e'lon mahalliy aholini xavotirga solmasligi kerakligini aytmoqda, bu faqat barcha davlat xizmatlari infeksiyaga qarshi kurashishga qo‘shimcha resurslarni jalb etishi uchun zarur hisoblanadi.

Avvalroq Katta Manchester va Lankashirda, shuningdek, G‘arbiy Yorkshirda qat'iy karantin choralari qaytarilgandi.

Birinchi navbatda qariyalar uylarida ekspress-testlar olinadi REUTERS

Britaniya - Yevropada Covid-19’dan eng ko‘p jabr ko‘rgan davlatlardan biri hisoblanadi. Shu vaqtgacha bu yerda 306 mingdan ortiq kishi virusdan zararlangan, shundan 42,6 mingdan ortiq kishi vafot etgan. So‘nggi ikki haftada infeksiya tarqalishi sekinlashgandi, ammo mamlakatning ayrim nuqtalarida kasallik o‘choqlari paydo bo‘lgan.

Xususan, Katta Manchesterda xavotirli vaziyat yuzaga kelgan: bu yerda Angliyada kasallik eng keng tarqalgan 20 tumandan 7tasi joylashgan.

Britaniya hukumati keyingi haftadan koronavirusni aniqlash uchun ekspress-testlar o‘tkazishni boshlamoqchi, uning natijalari bir yarim soatda aniq bo‘ladi. Birinchi navbatda qariyalar uylaridagilardan tahlil namunalari olinadi, bu test koronavirusdan zararlanishni boshqa mavsumiy kasallikdan farqlay oladi.

Hozirgi vaqtda testlarning 75 foizining natijasi bir kundan keyin chiqmoqda, 25 foizining natijasini esa ikki kungacha kutishmoqda.

Rasmiylarning xabar qilishicha, yil oxirigacha bir necha million test ishlab chiqiladi.

Yevropa: majburiy testlar va Lazur sohilida majburiy niqob
Germaniyada mamlakatga epidemiologik vaziyat og‘ir bo‘lgan hududlardan kelayotganlar koronavirusga test topshirishi majburiy qilib qo‘yiladi. «Qarorning birinchi varianti tayyor. Biz barchasini hududlar rahbarlari bilan muvofiqlashtirib olishimiz kerak, chunki ular bu choralarni aeroportlarda va temir yo‘llar vokzallarida amaliyotga tatbiq etishadi», degan sog‘liqni saqlash vaziri Yyens Shpan.

Germaniyaga vaziyat og‘ir bo‘lgan davlatlardan keluvchilar test topshirishi majburiy / EPA

Germaniyada pandemiya davrida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqaror hisoblanayotgandi, ammo so‘nggi paytlarda yangi holatlar tez o‘sa boshladi. So‘nggi bir kunda 509ta yangi holat qayd etilgan. Mamlakatda Covid-19’dan zararlanish bilan bog‘liq jami holatlar soni 210 mingdan oshgan, 9148 kishi pandemiya qurboni bo‘lgan.

Fransiyaning bir qancha shaharlarida ko‘chalarda tibbiy niqobda yurish majburiy bo‘ldi. Bu hududlarda kasallik tarqalishi yana avj ola boshlagan.

Xususan, bunday choralar Nitssa, Biarritsa, Lill va boshqa bir qancha kichik shaharlarda joriy etilgan. 

Taxminlarga ko‘ra, mamlakatda kasallik avj olishi turistik hududlar va ko‘ngilochar maskanlarda karantin qoidalariga rioya etilmagani bilan bog‘liq.

Kruiz laynerlar yana kasallik o‘chog‘i
Norvegiyaning «Rual Amundsen» kruiz laynerida kamida 40 kishi virusdan zararlangan. Bortda bo‘lgan yana bir necha yuz kishi karantinda qolmoqda va test natijalarini kutmoqda.

«Rual Amundsen» kruiz layneri Hurtigruten kompaniyasiga tegishli / EPA

Norvegiyaning Hurtigruten kompaniyasiga tegishli bo‘lgan kema juma kunidan buyon mamlakat shimolidagi Tromsyo shahri portida turibdi.

Kompaniyaning barcha kruizlari to‘xtatilgan. «Hozir biz barcha resurslarimizni mehmonlarimiz va hamkasblarimizga yordam uchun yo‘naltirganmiz», deya bayonot bergan Hurtigruten rahbariyati.

Bundan tashqari, Tinch okeanida suzayotgan «Pol Gogen» laynerida ham bir necha kishi Covid-19’ga chalingani ma'lum bo‘ldi. Kema yo‘nalishni o‘zgartirishga majbur bo‘ldi - ayni vaqtda u Bora-Bora oroli va Rangiroa orollari orasida harakatlanmoqda.

Yo‘lovchilardan kayutalardan chiqmaslik so‘ralgan, layner Taiti orolidagi portga qaytadi, bu yerda bortdagilarning barchasi koronavirusga test topshiradi.

Ushbu kema egasi hisoblangan Ponant kompaniyasi faoliyatini boshlagach, kemada yo‘lovchilar va ekipaj a'zolari kasallikka chalinishining oldini olish uchun zarur bo‘lgan choralar ko‘rilganini ma'lum qilgandi.

Kruiz sanoati pandemiyadan katta zarar ko‘rdi / PA MEDIA

Pandemiya boshida dunyo okeanlarida bir necha kruiz kemalarida kasallik tarqalishi tufayli minglab kishilar ikki haftalik karantinni kayutalaridan chiqmasdan o‘tkazishiga to‘g‘ri kelgandi.

Manilaga karantin qaytdi
Filippinda yana qat'iy karantin choralari joriy etildi. Cheklovlar poytaxt Manila va uning atrofidagi hududlar uchun amal qiladi.

Mamlakat prezidenti Rodrigo Duterte bu qarorni shifokorlarning ogohlantirishi bilan qabul qilganini ma'lum qilgan - mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi kasallik avj olishda davom etsa, barcha bemorlarga yordam ko‘rsata olmay qolishi mumkin.

Endilikda qator kompaniyalar va korxonalar faoliyati to‘xtagan, jamoa transporti ishlamay turadi. Karantin ikki hafta uchun joriy etilgan. Hukumat shifoxonalar uchun qo‘shimcha 10 ming tibbiy xodim yollamoqchi.

Izolyatsiyadagilar uchun GPS-treker
11 avgustdan Singapurda majburiy izolyatsiya buyurilgan odamlar maxsus qurilma vositasida kuzatiladi. Bu karantinni uyda o‘tkazishi kerak bo‘lganlar uchun.

Qurilma GPS-trekerlar yordamida odam qayerdaligini kuzatadi. Singapurda karantin qoidalarini buzganlar qattiq jazolanadi - qurilmani yechib tashlaganlar yoki karantin muddati davrida uydan chiqib ketganlar katta miqdorda jarimaga tortilishi yoki yarim yilgacha qamalishi mumkin.

Mavzuga oid