Jamiyat | 18:00 / 05.08.2020
3798
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi chipta taklif qilayotgan tovlamachilardan ogohlantirdi

Turkiyaning Istanbul shahridagi O‘zbekiston bosh konsulligi ushbu mamlakatda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga murojaat bilan chiqib, charter reyslarga navbatsiz qo‘yish xizmati taklif qilayotgan tovlamachilarga aldanib qolmaslikdan ogohlantirdi. Murojaatda aytilishicha, O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi yoki bosh konsulliklarining charter reyslar uchun ro‘yxatni shakllantirish borasida “ishonchli vakili” yoki “ishonchli xodimlari” mavjud emas.

4 avgust kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasi tomonidan tashkil etilgan charter parvozida 270 yo‘lovchi, shu jumladan 5 nafar voyaga yetmagan o‘zbekistonlik vatanga qaytarilgani xabar qilindi. Ushbu reysda, 4 avgust kuni Istanbul shifoxonalaridan birida vafot etgan fuqaro R.M.ning jasadi ham O‘zbekistonga yuborilgan.

Shu bilan birga, ayrim yo‘lovchilar belgilangan vaqtda aeroportga yetib kelmaganligi bois, 20 kishi mazkur reys ro‘yxatiga kiritilgan, bunda, asosan, homilador, ko‘p bolali va bemor fuqarolarga ustuvorlik berilgan.

Qayd etilishicha, reysga ro‘yxatdan o‘tganlar orasida Turkiya migratsiya qonunchiligini buzganlik sababli qolib ketganlar kuzatilmagan.

“Ushbu parvozni tashkillashtirish jarayonida ba'zi guruhlarning parvozga navbatsiz qo‘yishni va'da qilib, O‘zbekiston fuqarolaridan tovlamachilik yo‘li bilan pul undirayotgan holatlar bo‘yicha axborot kelib tushdi. O‘rganishlar natijasida, tovlamachilar taklif qilgan chiptalar charter reysi uchun o‘tmasligi aniqlandi.

Yuqoridagi bayonlardan kelib chiqib, muayyan to‘lovlar evaziga O‘zbekistonga yuborishni va'da qilayotgan shaxslar va firibgarlik holatlari bo‘yicha Bosh konsulxonaga ma'lumot berishingizni so‘rab qolamiz. Shuni alohida ta'kidlashni istaymizki, Elchixona va Bosh konsulxonaning charter reyslari uchun ro‘yxatlarni shakllantirish bo‘yicha vakolat berilgan har qanday “vakillar”i yoki “ishonchli shaxslar”i mavjud emas.

Mavzuga oid