Jamiyat | 15:59 / 05.08.2020
23474
2 daqiqa o‘qiladi

Tarbiya fanidan qaysi fan o‘qituvchilari dars o‘tishi mumkinligi ma'lum qilindi

Tarbiya fanini boshlang‘ich ta'lim, milliy g‘oya va huquq, tarix hamda dinshunoslik mutaxassisligiga ega fan o‘qituvchilari o‘qitishi mumkin.

Bugun, 5 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan onlayn brifingda Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova o‘quv dasturiga kiritilayotgan yangi tarbiya fanidan qaysi fan o‘qituvchilari dars berishi mumkinligi haqida ma'lumot berdi.

Vazirlik rasmiysining qayd etishicha, tarbiya fanini boshlang‘ich ta'lim, milliy g‘oya va huquq, tarix, dinshunoslik mutaxassisligiga ega fan o‘qituvchilari o‘qitishi mumkin.

«Bugungi kunda ushbu fan o‘qituvchilarining malakasini oshirish, qayta tayyorlash bo‘yicha onlayn kurslar tashkil etilmoqda», degan Laylo Rustamova.

Shuningdek, axborot xizmati rahbari ayni paytda maktablarda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik olib borilayotgani, 1-sinfga qabul ishlari amalga oshirilayotgani haqida to‘xtalib o‘tdi.

«Shuning uchun bu vaziyatda mehnat ta'tili tugagan o‘qituvchilar ish beruvchi bilan kelishuvga erisha olsa, masofadan turib, agar maktabga borib ishlashlariga to‘g‘ri kelsa, unda karantin qoidalariga amal qilgan holda ish joyida faoliyatini davom ettirishi mumkin», dedi vazirlik vakili.

Mavzuga oid