«Oliy ta'limning barcha bosqichlarida korrupsiya illatlari mavjud» – Norboyeva ta'lim tizimini tanqid qildi
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva oliy ta'lim tizimini tanqid qildi.
«Oliy ta'limni korrupsiyadan xalos qilish hozirgi asosiy masalalardan biridir. Tahlillarga ko‘ra, oliy ta'limning deyarli barcha bosqichlarida korrupsiya illatlari mavjud. Ayniqsa, talabalikka qabul qilish, ta'lim davridagi sinovlar, o‘qish joyini ko‘chirish bosqichlarida korrupsion holatlar keng tarqalgan.
Bu nafaqat ta'lim sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi, balki oliy ta'lim muassasalarining xalqaro reytinglardagi nufuzini ham tushirmoqda.
O‘zbekistondagi birorta ham oliygoh dunyodagi kuchli universitetlar mingtaligi reytingiga kira olmagan. Birortasi ham! Respublikadagi eng yirik oliygoh – O‘zbekiston Milliy universiteti ham jahondagi 30 mingga yaqin oliy o‘quv yurtlarining global reytingini tuzuvchi Webometrics ro‘yxatida 3971-o‘rinda. Boshqa reytinglarda esa 4080-o‘rinni egallagan», dedi Norboyeva Senatning 6-yalpi majlisida.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga jahon reytinglarida respublika oliygohlari o‘rni va nufuzini oshirish topshirig‘i berildi.
Tanzila Norboyeva kasbga tayyorlash va masofaviy ta'lim masalalariga ham to‘xtalib o‘tdi.
«Ta'lim sifati qaysi bosqichda, qaysi shaklda, kim tomonidan berilmasin eng ustuvor mezon bo‘lishi shart. Ayniqsa, umumiy o‘rta ta'lim bosqichida kasbga o‘rgatish masalasiga jiddiy e'tibor qaratish lozim. Kasbga tayyorlash tizimi uyg‘un va moslashuvchan, mehnat bozori talablariga mos bo‘lishi lozim.
Shuningdek, pandemiya sharoitida ta'lim berishning onlayn shakliga o‘tilganda pedagoglarning masofaviy ta'lim bo‘yicha ko‘nikmalari yetarli emasligini ko‘rdik. Bunday vaziyatga hech kim tayyor emas edi. O‘quvchi va o‘qituvchilar orasida qayta aloqa mexanizmlari yaxshi yo‘lga qo‘yilmadi. Uzoq hududlarda sifatli internetning yo‘qligi ham ta'lim samaradorligiga ta'sir ko‘rsatdi.
Shu bois mas'ul idoralar masofaviy ta'limni samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqishlari zarur», deya Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Mavzuga oid
20:31 / 27.10.2024
Tanzila Norboyeva nabirasi bilan birga saylovda ovoz berdi
16:50 / 25.10.2024
Senat raisi YeXHT DIIHB missiyasi rahbari bilan uchrashdi
16:33 / 25.10.2024
Tanzila Norboyeva MDH Parlamentlararo assambleyasi delegatsiyasini qabul qildi
15:55 / 24.10.2024