Loyihada «Chorvoq» suv omborida jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli motorli qayiqlar, katerlar, yaxtalar, gidrosikl va boshqa suzuvchi vositalardan foydalanish hamda plyajlar tashkil etish, suv omborining qirg‘og‘i perimetri bo‘ylab aholining cho‘milishini taqiqlash ko‘zda tutilgan.
Loyihada bunday taqiqning joriy etilishiga sabab sifatida chiqindilar tashlanishi oqibatida suvning ifloslanayotgani, 2017 yilda 2 ta skuterning to‘qnashishi oqibatida 2 nafar va 2015 yildan 2020 yilning iyul oyiga qadar 8 nafar fuqaro cho‘kib vafot etgani keltirilgan.
Har bir inson hayoti, albatta qadrli, ammo 6 yil ichida 8 nafar insonning cho‘kib ketganini sabab qilib ko‘rsatib, aholi va sayyohlar yozgi mavsumda dam olishi mumkin bo‘lgan barmoq bilan sanarli obektlardan birining yopilishi turizm, xususan ichki turizmni rivojlantirish haqida bong urilayotgan bugungi O‘zbekiston uchun qanchalik to‘g‘ri keladi?
Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bunga qanday munosabatda bo‘larkan?
Loyiha e'lon qilingach, jamoatchilik ushbu loyihani asosan tanqidiy kutib oldi, portalda loyiha ostida qoldirilgan fikr-mulohazalar ham shunday dalolat bermoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda blogerlar ham masalaga e'tibor qaratishmoqda. Jumladan, iqtisodchi Otabek Bakirov shunday deb yozdi:
«Bu ketishda yaqin orada elektr energiyasini taqiqlashlari mumkin, chunki yiliga qanchadir odam tok urib o‘ladi. Avtomashinalardan foydalanishni taqiqlashlari mumkin, axir yiliga minglab odamlar avtohalokatlar qurboni bo‘ladi».
Bloger hali loyiha bosqichidagi qaror bilan «Chorvoq»da cho‘milishni 1 avgustdan, ya'ni «zadnim chislom» taqiqlashmoqchi ekaniga e'tibor qaratgan.
Keling, yuqoridagi mantiqdan kelib chiqib, taqiqlash kerak bo‘lgan yana bir qator narsalarni sanab o‘tamiz.
Eng birinchi o‘rinda, aholiga gaz tarqatishni taqiqlash kerak, chunki yiliga bir necha o‘nlab odamlar, hatto butun boshli oilalar is gazidan zaharlanib vafot etyapti.
Ko‘mirdan foydalanishni ham taqiqlash kerak. Gaz yo‘qligidan qishda uyini ko‘mir bilan isitmoqchi bo‘lganlar ham ko‘mir isidan vafot etayotgan holatlar mavjud.
Pichoqlardan foydalanishni ham taqiqlash kerak. Bozordagilarini to‘mtoqlashtirib chiqish uncha foyda bermaydi. Har yili qanchadir odam pichoqlanishdan og‘ir jarohatlar olyapti, vafot etayotganlar ham talaygina.











