Jamiyat | 08:38 / 12.08.2020
8031
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqda 91 mln so‘mlik qo‘chqorlarni o‘g‘irlab ketgan shaxslar ushlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

2020 yilning 28 iyundan 15 iyul kuniga qadar bo‘lgan vaqt mobaynida 45 yoshli Z.M. 28 yoshli A.B. bilan o‘zaro oldindan jinoiy til biriktirgan, deb yozmoqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti.

Qayd etilishicha, Z.M. o‘zi yollanma ishchi sifatida ishlayotgan 38 yoshli N.T.ning Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Xondayliq qishlog‘ida joylashgan fermer xo‘jaligiga qarashli yaylov yer maydonidan erkin holatda o‘tlab yurgan jami bahosi 91.500.000 so‘mlik 61 bosh qo‘chqorlarini va narxi 750.000 so‘m bo‘lgan 5 qop yemlarini yashirin ravishda o‘g‘irlab ketgan.

Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari natijasida Z.M. va A.B. mazkur jinoyatni sodir etganliklari aniqlanib, protsessual tartibda ushlanganlar.

Mazkur holat yuzasidan Bo‘stonliq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “v” bandi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. O‘g‘irlangan 61 bosh qo‘chqorlar ashyoviy dalil tariqasida olingan. 

Jinoyat ishi yuzasidan Z.M. va A.B. ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Mavzuga oid