O‘zbekiston | 22:12 / 12.08.2020
6021
2 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Sudanda aholidan qurol yig‘ib olinishi vaqtida 118 kishi halok bo‘ldi

Janubiy Sudanning shimolida hukumat armiyasi va qurollangan mahalliy aholi o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Buning oqibatida kamida 118 kishi halok bo‘lgan. 

Foto: ASN

“Sinxua” axborot agentligining xabar berishicha, fojia 9 avgustda harbiylar Varab shtatida aholidan o‘qotar qurolni yig‘ib olish bo‘yicha operatsiya o‘tkazayotgan vaqtda yuz bergan

Operatsiya vaqtida noqonuniy qurol saqlagan va qochishga uringan yigit ushlangan. Shu vaqtda harbiylar va mahalliy aholi o‘rtasida bahs chiqib, u otishmaga aylanib ketgan. Oqibatda 34 askar va 84 fuqaro halok bo‘lgan. Shuningdek, yaralanganlar bor. 

Armiyaning rasmiy vakili esa otishmada 55 askar halok bo‘lganini ma'lum qilgan. Biroq u aholi orasidan necha kishi halok bo‘lganiga oydinlik kiritmagan.  

Janubiy Sudanda tez-tez elatlararo to‘qnashuvlar sodir bo‘lib turadi va mahalliy aholining aksariyat qismi o‘z xavfsizligini ta'minlash uchun o‘qotar qurol saqlaydi. Hukumat aholidan qurolni yig‘ib olish bo‘yicha operatsiya o‘tkazmoqda, biroq ko‘pchilik qurol topshirishni istamayapti.

Mavzuga oid