O‘zbekiston | 22:54 / 12.08.2020
33278
2 daqiqa o‘qiladi

Umumiy ovqatlanish obektlari ochilishi uchun shartlar ma'lum qilindi

15 avgustdan O‘zbekistonda ochiq havoda xizmat ko‘rsatuvchi umumiy ovqatlanish obektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyatiga ruxsat beriladi.

Respublika maxsus komissiyasi ushbu obektlar uchun qo‘yiladigan talablarni ma'lum qilgan:

  • banketlar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • stollar oralig‘idagi 2 metrdan kam bo‘lmagan ijtimoiy masofani ta'minlash; 
  • bir stol atrofida 4 kishidan ko‘p bo‘lmagan (oila a'zolari bundan mustasno) mijozlarni joylashtirish; 
  • xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqopda bo‘lishi; 
  • har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash talab etiladi.

Shuningdek, mazkur obektlar to‘laqonli faoliyat yuritishiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ularning bino va xonalariga, shuningdek, havo aylantirish tizimiga zararsizlantirish anjomlarini (ultrabinafsha lampalar va boshqalar) o‘rnatib borish tavsiya etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 15 avgustdan avtotransport vositalarining kun davomida to‘liq harakatlanishiga, shuningdek, mahalliy aviaqatnovlar va temir yo‘l qatnoviga ham ruxsat berilgan. Bunda, doimiy ravishda har bir aviaqatnov va temir yo‘l qatnovidan oldin tegishli havo kemasi va temir yo‘l vagonlarini (har bir o‘rindiqni) to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkazish, shu jumladan, ularga havoni zararsizlantirish anjomlarini o‘rnatish choralarini ko‘rish lozim bo‘ladi.

Mavzuga oid