O‘zbekiston | 11:01 / 13.08.2020
8619
3 daqiqa o‘qiladi

Havo ifloslanishi bo‘yicha iyul oyi monitoring natijalari e'lon qilindi 

17 ta shaharda «past» ifloslanish darajasi, Toshkent, Olmaliq, Angren va Farg‘ona shaharlarida «yuqori» ifloslanish darajasi qayd etilgan.

«O‘zgidromet» atmosfera havosi ifloslanishi bo‘yicha iyul oyidagi monitoring natijalarini e'lon qildi.

Qayd etilishicha, monitoring 25 ta shahardagi 63 ta statsionar kuzatuv punktida amalga oshiradi. Aholi soniga qarab va normativ hujjatlar asosida shaharlarda 2 tadan 4 tagacha post joylashtirilgan. Kuzatuv punktlarida atmosfera havosidagi 12 ta ifloslantiruvchi modda nazorat qilinadi.

Shaharda atmosfera havosi sifatini monitoring qilish dasturi beshta asosiy ifloslantiruvchi modda: chang (qattiq muallaq zarrachalar), oltingugurt dioksidi, uglerod oksidi (is gazi), azot dioksidi, azot oksidini o‘z ichiga oladi. Sanoat ajratmalari tarkibi va yaqinda joylashgan shaharlar va tutashgan hududlar xususiyatlariga qarab dasturiy o‘lchovlarga boshqa moddalar (ammiak, fenol, formaldegid, ozon, xlor, qattiq ftoridlar, ftorli vodorod, og‘ir metallar) qo‘shiladi.

Atmosfera havosi holati ustidan kuzatuvlar har kuni haftasiga 6 kun sutka davomida 3 marta (mahalliy vaqt bilan soat 7:00, 13:00, 19:00 da) amalga oshiriladi. «O‘zgidromet» kuzatuv punktlarida havo namunalari aspirator usulida olinadi va markaz laboratoriyalarida tahlil qilinadi.

2020 yil iyul oyida atmosfera havosi ifloslanishi monitoringi respublikaning 21 ta shaharidagi 56 ta punktda olib borilgan. 17 ta shaharda «past» ifloslanish darajasi, Toshkent, Olmaliq, Angren va Farg‘ona shaharlarida «yuqori» ifloslanish darajasi qayd etilgan.

Shaharlarda havoning ifloslanishi sanoat korxonalari chiqaradigan ajratmalar, qurilish ishlari va meteosharoitlarga bog‘liq.

Umuman, iyul oyida respublika bo‘yicha atmosfera havosining ifloslanish darajasi me'yor chegarasida bo‘lgan.

Atmosfera yeroldi qatlamining radiatsiyaviy monitoringi «O‘zgidromet» tarmog‘ida har kuni 40 ta shahar va aholi punktlaridagi meteomaydonchalarda gamma-nurlanish ekspozitsiya dozasini asboblar yordamida o‘lchash orqali amalga oshiriladi.

O‘tkazilgan radiatsiyaviy monitoring bo‘yicha 2020 yil iyulda radiatsiyaviy gamma-fon qiymatlari ruxsat berilgan me'yordan oshmagan.

Mavzuga oid