Jamiyat | 20:58 / 13.08.2020
8019
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahridagi mahallalarda ehtiyojmandlarga yordam pullari qariyb tarqatib bo‘lindi

Prezident farmoniga asosan, «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi orqali respublika budjetidan ijtimoiy himoyaga muhtoj va ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratilgan. Pullar butun respublika bo‘ylab mahallalarda sektor rahbarlari tomonidan tarqatilmoqda.

Samarqand shahridagi 210 ta mahallada 4625 ta oilada istiqomat qiluvchi 18824 kishi boshiga 220 ming so‘mdan 4 milliard 141 million 280 ming so‘m mablag‘ tarqatilishi ko‘zda tutilgan. Ayni paytda mahallalarning 81 foizidan ziyodiga pullar tarqatib bo‘lingan.

Oiladagi kishi boshiga 220 ming so‘m hisobidan ajratilayotgan mablag‘lar shahardagi mahallalarda qanday tarqatilayotganiga qiziqdik.

Muxbirlarimiz shahardagi Masjidi qo‘ng‘iroqdor va Nurobod mahallalarida bo‘lib, ehtiyojmandlarga bir martalik moddiy yordam pullari 1-sektor kotibi va bank xodimi tomonidan «temir daftar» ro‘yxati bo‘yicha tarqatib berilayotganiga guvoh bo‘lishdi.

«Xo‘jayinim betob. Yordam pulini u kishining nomidan o‘zim kelib oldim. Prezidentimiz xalqqa yordam beringlar deb topshiriq bergan edi. Mana, yordam bizgacha yetib keldi, rahmat. Bu koronavirus balosidan sog‘-salomat qutulib chiqaylik. Hammani Xudo o‘z panohida asrasin», — deydi «Masjidi Qo‘ng‘iroqdor» mahallasida istiqomat qiluvchi Munira Sharipova.

«Qurbon hayiti arafasida ham 1 million so‘m yordam berishgan edi. Bugun yana oilamizga moddiy ko‘mak berilmoqda. Pandemiya davrida ham hech kim tashlab qo‘ygani yo‘q. Mahallamiz yetakchilari oziq-ovqat yetkazib turishdi. Bu ishlarni tashkil qilib turgan rahbarlarimizning barchasiga rahmat deymiz», — deydi «Nurobod» mahallasida yashovchi O‘tkir Saffiyev.

Pandemiya sharoitida ehtiyojmand, ishidan vaqtinchalik ajralgan oilalarga manzilli yordam ko‘rsatilgani uchun, qiyin kunlarda yolg‘izlatib qo‘yishmagani odamlar ularga yordam bergan hukumatdan, hokimiyatdan, mahalla ahli va saxovatpesha tadbirkorlardan minnatdor.

Ularning barchasi yurtimizga kelgan koronavirus balosi tezroq daf bo‘lib, kundalik hayotlariga qaytishni istashmoqda. Shuni istab, duo qilishdi.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz muxbiri.

Jahongir Aliboyev, tasvirchi.

Mavzuga oid