00:24 / 15.08.2020
7411

Dunyodagi vaziyat: koronavirusdan zararlanish holatlari soni 21 milliondan oshdi

Dunyoda koronavirusdan kasallanish holatlari soni 21 millionlik nuqtadan o‘tdi. Yevropada virus tarqalishi avj olishi tufayli Britaniya Fransiya, Niderlandiya va Maltadan keluvchilar uchun 14 kunlik karantin joriy etdi. Ushbu mamlakatlardan qaytuvchi britaniyaliklar ham ushbu qoidaga rioya qilishlari shart. Yangi Zelandiyada ham lokdaun uzaytirildi.

Britaniya: Fransiya va Niderlandiyadan keluvchilar uchun karantin
Juma tongi qit'a bo‘ylab ta'tilga otlangan britaniyaliklarni o‘yga soluvchi yangilik bilan boshlandi.

Britaniya Transport vaziri Grant Sheppsning ma'lum qilishicha, Londonda Yevropaning yuqori kasallanish darajasiga ega mamlakatlari - Fransiya va Niderlandiyadan keluvchilarni karantinga olishdan boshqa chora qolmagan. Shuningdek, 15 avgust tonggi soat 4:00dan (London vaqti bilan) joriy etiluvchi 14 kunlik karantin Monako, Malta, Terks va Kaykos orollari hamda Aruba orolidan keluvchilar ham amal qiladi. Ispaniyadan qaytuvchilar ham iyul oyi oxiridan beri ikki haftalik karantinga o‘tirishga majbur.

Hozirda Fransiyada 160 mingga yaqin britaniyalik sayyoh mavjud. Karantin haqidagi e'londan so‘ng Fransiyadan Britaniyaga uchuvchi juma kungi reyslar narxi sezilarli darajada oshgan, chiptalar esa deyarli qolmagan.

Fransiya va Niderlandiyada kasallanish holatlari o‘sdi
Fransiya London chiqargan qarordan afsusdaligini va javob choralari ko‘rishga tayyor ekanini bildirishga ulgurdi. Hozirgi vaqtda Fransiyada Covid-19 bilan kasallangan bemorlar soni ortmoqda, qatorasiga har kuni o‘rtacha 2 mingta yangi holatlar qayd etilmoqda.

Payshanba kuni oxiriga kelib Fransiya hukumati 2669ta yangi yuqtirish holati va kasalxonalarda bemorlar soni ortayotgani haqida xabar berdi.

Niderlandiyada kuniga 600ga yaqin yangi shikastlanish holatlari qayd etilyapti. Hukumatning izohlashicha, kasallanish holatlarining aksariyat qismi (70 foizgacha) shaxsiy bazmlar va bayramlar bilan bog‘liq.

Shuningdek, ko‘plab yoshlar mamlakatda hali ham amalda bo‘lgan cheklovlarga yengil ko‘z bilan qarashyapti va ularga deyarli amal qilishmayapti, deb ta'kidlaydi Niderlandiya hukumati.

Britaniya transport vaziri so‘zlariga ko‘ra, har 100 ming aholiga 20 nafardan ortiq yangi bemor qayd etilayotgan har qanday davlat oldida karantin joriy etish zaruriyati kun tartibiga chiqadi. Hozirda Britaniyaning o‘zida bu ko‘rsatkich 18,5ni tashkil etyapti.

Angliya kasalxonalaridagi Covid-19 bemorlari soni mahalliy kasallanish o‘choqlari paydo bo‘lganiga qaramay, iyun va iyul oylarida quyiga sho‘ng‘igan.

Britaniya bo‘ylab yangi kasallanish holatlariniing umumiy sonida iyul oyi o‘rtalaridan boshlab o‘sish qayd etildi. Kasallanish holatlarining aksariyati yoshlar o‘rtasida kuzatilmoqda va ularning gospitalizatsiya qilinishiga kamroq zarurat tug‘iladi. Bundan tashqari, olimlarning qayd etishicha, yangi holatlar ortishi ko‘proq testlar o‘tkazilishi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Yangi Zelandiyaning Oklendida karantin uzaytirildi

Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern yana 29ta holat qayd etilganidan so‘ng Oklend shahridagi karantin 12 kungacha cho‘zilishini e'lon qildi. Oklendda 12 avgust, chorshanba kunidan boshlab to‘rtdan uchinchi darajali xavf darajasi joriy qilindi, mamlakatning boshqa barcha qismlarida ikkinchi darajali xavf e'lon qilingan.

Epidemiologik xavfning uchinchi darajasi kinoteatrlar, restoranlar, muzeylar, kutubxonalarni yopishni nazarda tutadi. Aholi iloji boricha uydan ishlashi kerak, bolalar uchun masofaviy ta'lim ko‘rib chiqiladi.

Yangi Zelandiyada butun pandemiya davrida Covid-19'ning jiddiy avj olishi kuzatilmadi, mamlakatda 102 kunlik muddat davomida aholi orasida birorta ham kasallanish holati qayd etilmadi. Biroq shu haftada Oklend shahrida bir kun ichida birdaniga 14 bemor aniqlandi - ulardan biri chet davlatdan kelgan.

Avvalroq shaharda 3 kunlik karantin joriy etilishi e'lon qilingandi. Oklendda 1,5 millionga yaqin kishi yashaydi.

KXDR Kesondagi lokdaunni bekor qildi

Shimoliy Koreya Keson shahridagi uch haftalik lokdaun tamomlanganini e'lon qildi. Iyul oyi oxirida hukumat mamlakatdagi ilk kasallanish holati Janubiy Koreyadan qaytgan qochoqda kuzatilgani haqida xabar berganidan so‘ng chegaradagi ushbu shaharda qat'iy karantin joriy etilgandi.

KXDR dunyoda birinchi bo‘lib - yanvar oyidayoq - epidemiya sababli chegaralarni yopishini e'lon qilgandi. Mamlakatda karantin choralari ko‘rilgan. Rasmiylarning ta'kidlashicha, qochoq vataniga qaytguniga qadar Shimoliy Koreyada Covid-19 bilan kasallanish bilan bog‘liq birorta holat kuzatilmagan. Biroq mutaxassislar bunga shabha bilan qarashadi.

Shu orada qo‘shni Janubiy Koreyada koronavirus infeksiyasi yuqtirishning 103ta yangi holati qayd etildi, ulardan faqat 18 nafari chetdan kelgan. Bu Janubiy Koreyada 31 martdan beri kuzatilgan kunlik shikastlanishlarning eng yuqori ko‘rsatkichidir. Umumiy hisobda pandemiya boshidan buyon mamlakatda 14 ming 873ta holat va 305ta o‘lim qayd etilgan.
 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top