Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Hukumat Surxondaryo viloyatida aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha yangi qaror qabul qiladi
Surxondaryo viloyatining sanoat salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishning qo‘shimcha chora-tadbirlari qabul qilinadi.
Vazirlar Mahkamasining “Surxondaryo viloyatining sanoat salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Qayd etilishicha, quyidagilar:
respublika ishchi guruhi tomonidan Surxondaryo viloyatining barcha shahar va tumanlarining salohiyati, tabiiy xom-ashyo resurslari, ijtimoiy-iqtisodiy holati kompleks o‘rganib chiqilgan;
o‘rganish natijalariga ko‘ra shahar va tumanlarning iqtisodiy o‘sish nuqtalari (drayverlari) aniqlangan, viloyat hududlarida sanoat salohiyatini oshirish va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Dastur ishlab chiqilgan.
Surxondaryo viloyati shahar va tumanlarining o‘sish nuqtalari (drayverlari) sifatida quyidagi yo‘nalishlarni rivojlantirish belgilanadi:
Termiz shahri va Denov tumanida – tikuv-trikotaj sohasida mahsulotning qo‘shilgan qiymatini ko‘paytirish;
Boysun, Sariosiyo, Jarqo‘rg‘on va Sherobod tumanlarida – qurilish materiallarini ishlab chiqarishni kengaytirish;
Termiz shahri, Boysun, Denov, Sariosiyo, Oltinsoy, Uzun va Termiz tumanlarida – ziyorat turizmi, ekoturizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini yanada rivojlantirish;
Boysun, Bandixon, Qiziriq, Oltinsoy, Muzrabot va Uzun tumanlarida sanoat yo‘nalishlarini rivojlantirish;
Angor, Bandixon, Oltinsoy, Qiziriq, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot, Sariosiyo, Termiz, Uzun, Sherobod va Sho‘rchi tumanlarida – meva-sabzavot yetishtirish, qayta ishlash, issiqxonalar tashkil etish, baliqchilik, chorvachilik, parrandachilikni rivojlantirish;
Sherobod, Oltinsoy, Qiziriq, Qumqo‘rg‘on, Muzrabot, Sariosiyo va Uzun tumanlarida bog‘dorchilikni rivojlantirish yo‘nalishlari.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi 2020-2021 yillarda paxta va g‘alladan qisqaradigan maydonlarda, mavjud samarasiz bog‘lar o‘rniga hamda yangi o‘zlashtiriladigan maydonlarda 5,5 ming gektar, shu jumladan, 3 ming gektar yangi anor bog‘lari va 2,1 ming gektar yangi uzumzorlar barpo etish va viloyatning eksport salohiyati oshirish bo‘yicha choralarni ko‘radi.
Bunda, belgilangan tartibda meva-sabzavotlarni saralash, qadoqlash, saqlash va qayta ishlash bo‘yicha klasterlar tashkil qilib, ushbu klasterlarga bog‘dorchilik va uzumchilik sub'yektlari biriktirilishini ta'minlaydi.
Afg‘onistonga tovar va xizmatlar eksport hajmini 2 barobarga oshirish maqsadida “Termiz” erkin iqtisodiy sanoat zonasi hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalarning manzilli ro‘yxati tasdiqlanadi.
Rejalashtirilgan loyihalarni sifatli va o‘z vaqtida ishga tushirish maqsadida xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari raislari o‘zlarining mas'ul o‘rinbosarlarini ushbu loyihalarga biriktirgan holda amalga oshirilayotgan ishlarni jadallashtirishi tavsiya etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi mas'ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda Afg‘oniston bilan o‘zaro yillik savdo hajmini oshirish maqsadida “Termiz” erkin iqtisodiy zonasi hududiga tutash hududda ulgurji savdo asosida faoliyat yuritadigan xalqaro savdo-logistika markazini tashkil etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi.
Bunda:
savdo-logistika markazi hududiga kirish va chiqish uchun zamonaviy raqamli texnika bilan ta'minlangan maxsus yo‘laklar, chegara, bojxona, fitosanitariya, sanitariya punktlari tashkil etilishi;
zamonaviy texnologiyalar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash, saralash, qadoqlash, sertifikatlashtirish tizimini, elektron savdo uchun zarur bo‘lgan sharoitlar tashkil etish jarayonlari davlat-xususiy sherikchilik mexanizmlari asosida joriy etilishi;
Afg‘oniston fuqarolarining ushbu hududga kirish vizalari rasmiylashtirilmasdan amalga oshirilishi belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasi:
2020-2021 yillarda “M-39 “Toshkent-Termiz” avtomagistralini 1395-1400 km va 1410-1426 km qismini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida Boysun (5 km), Sherobod (2 km) va Angor (14 km) tumanlarida uzunligi 21 km asfalt-beton qoplamali avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish uchun “Islom taraqqiyot banki”ning 27,5 mln. dollar mablag‘larini;
2020-2021 yillarda “Surxondaryo viloyatida suv resurslarini boshqarishni yaxshilash” loyihasini amalga oshirish uchun “Islom taraqqiyot banki”ning 89,6 mln. dollar mablag‘larini;
2022 yil dekabr oyiga qadar “Magistral elektr tarmoqlari podstansiyalarini modernizatsiyalash va rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida 2 ta podstansiyada (Sherobod va Denov) modernizatsiya ishlarini yakunlash uchun Jahon banki ishtirokida 21,2 mln. dollar kredit mablag‘larini;
2020 yil yakuniga qadar “To‘polang daryosida Zarchob kichik GESlar kaskadi qurilishi” loyihasi doirasida yiliga 75,6 MVt elektroenergiya ishlab chiqarish quvvati yaratish maqsadida Xitoy “Eksimbanki” ishtirokida 29,1 mln. dollar kredit mablag‘larini;
2022 yil noyabr oyiga qadar “To‘polang GES modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida yiliga 175 MVt elektroenergiya ishlab chiqarish yangi quvvatlarini yaratish uchun “Vneshekonombank” (Rossiya Federatsiyasi) ishtirokidagi 38,25 mln. dollar kredit mablag‘larini jalb etish choralarini ko‘radi.
Surxondaryo viloyatining sanoati past rivojlangan Boysun, Bandixon, Qiziriq, Oltinsoy, Muzrabot va Uzun tumanlarida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha salohiyatli investorlarni jalb qilish, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida joriy yilning 1 oktyabridan boshlab uch yil muddatga:
ushbu tumanlarda sanoat yo‘nalishidagi yangi loyihalarni amalga oshiradigan yuridik shaxslarga loyihalar doirasida kiritilgan investitsiyalari hajmiga qarab, yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni to‘lashdan ozod etish tarzidagi soliq imtiyozlari belgilanishi;
tadbirkorlarning biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida, kredit foiz stavkasining 10 foizdan oshgan qismini biroq, Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasining 1,75 barobaridan oshmagan miqdorini Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi hisobidan kompensatsiya qilish tartibi joriy etilishi;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida infratuzilma yaratish uchun tashabbuskor tomonidan amalga oshirilgan xarajatlarining bir qismini Davlat budjetidan qoplashning yangi va qulay tizimi joriy etilishi;
mazkur tumanlar hokimlariga, istisno tariqasida, 2022 yilning 1 yanvariga qadar, Surxondaryo viloyati hokimligi va tegishli xalq deputatlari Kengashlari bilan kelishilgan holda tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga kiritilgan loyihalarga yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish huquqi berilishi belgilab qo‘yiladi.
Mavzuga oid
19:55 / 02.07.2026
Tanzila Norboyeva raisligida Surxondaryoni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ijrosi muhokama qilindi
18:28 / 20.06.2026
Surxondaryoda Aleksandr Fedin yaratgan o‘rmonzor "Dendrologiya bog‘i"ga aylantiriladi
09:05 / 17.06.2026
Afg‘onistondan olib kirilgan 37,6 kg giyohvandlik vositalari fosh etildi
18:00 / 12.06.2026