Jahon | 01:30 / 15.08.2020
13385
2 daqiqa o‘qiladi

Minsk Moskvaga qo‘lga olingan 32 nafar rossiyalikni topshirdi

Foto: Yuriy Martyanov / Kommersant'

Avvalroq Belarusda qo‘lga olingan 32 nafar rossiyalik hozirda Rossiyada bo‘lib, ular Rossiyaga huquqiy yordam haqidagi Minsk konvensiyasi doirasida topshirilgan. Bu haqda Rossiya bosh prokuraturasi ma'lum qildi. Qo‘lga olingan yana bir rossiyalik Belarusda qolgan, chunki u Belarus fuqaroligiga ham ega.

“Ushbu shaxslarning topshirilishi davlatlarimiz prokuratura organlarining yaqin hamkorligida xalqaro huquq hamda Rossiya va Belarus milliy qonunchiligiga muvofiq holda amalga oshirilgan. Rossiyaning mutasaddi idoralari bu fuqarolar atrofida yuzaga kelgan vaziyatni o‘rganmoqda”, deyilgan xabarda. 

Rossiyaning 33 fuqarosi Belarusda 29 iyulda ushlangan. Belarus Davlat xavfsizlik qo‘mitasida ular “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari ekani va mamlakatga ommaviy tartibsizliklar tashkillashtirish uchun kelgani ta'kidlangan. Moskva versiyasiga ko‘ra, ular xususiy qo‘riqlash kompaniyasi xodimlari bo‘lib, Minsk orqali boshqa mamlakatga uchib ketmoqchi bo‘lganlar. Ushbu fuqarolarga nisbatan ommaviy tartibsizliklarga tayyorgarlik ko‘rish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.   

Rossiyaliklarning Moskvaga topshirilishiga rasmiy Kiyev izoh bergan. Avvalroq Ukraina Belarusdan ulardan 28 nafarining topshirilishini talab qilgan. Kiyev versiyasiga ko‘ra, topshirilishi so‘ralgan kishilar Donbassdagi qurolli mojarolarda ishtirok etgan. “Agar ushbu shaxslar Rossiyaga jo‘nagan bo‘lsa, unda bu borada muloqot qilish uchun sabab o‘z-o‘zidan yo‘qoladi”, deb aytgan Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yevgeniy Yenin. 

 

Mavzuga oid