O‘zbekiston | 15:26 / 16.08.2020
12016
3 daqiqa o‘qiladi

«Mersedes Bens Vito»ga ortilgan televizorlar manzilga yetib bormadi

Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati so‘nggi kunlarda aniqlangan qonun buzilish holatlari bo‘yicha ma'lumot berdi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi chegaraoldi hududlarda tovarlarning noqonuniy kirib kelishiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbirda «Chimyon-Marg‘ilon» yo‘nalishida harakatlanayotgan fuqaro A.J. boshqaruvidagi «Mersedes Bens Vito» rusumli avtomashina Marg‘ilon shahri hududida to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtomashina yukxonasida tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 67 million so‘mlik jami 61 dona televizorlar borligi aniqlandi.

Shunga o‘xshash yana bir holatda, «Vodil-Qo‘qon» yo‘nalishida harakatlanayotgan fuqaro A.K. boshqaruvidagi «Mersedes Bens Vito» rusumli avtomashina Farg‘ona tumani hududida to‘xtatilib, avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganida, avtomashina yukxonasida hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 44 million so‘mlik 64 dona choyshablar borligi aniqlandi.

Ohangaronda 149,2 million so‘mlik ehtiyot qismlarning noqonuniy aylanmasi fosh bo‘ldi

Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi Ohangaron tumani hududida o‘tkazgan tezkor tadbir davomida avtomobil ehtiyot qismlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.

Tadbir davomida, fuqaro K.S. boshqaruvidagi «Neksiya» rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtomashinada tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 149,2 million so‘mlik 4984 dona avtomobil ehtiyot qismlari hamda qo‘shimcha jihozlar borligi aniqlandi.

To‘raqo‘rg‘onda 220 million so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanmasi fosh etildi 

Namangan viloyati bojxona boshqarmasi huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ vakillari bilan hamkorlikda Yangiqo‘rg‘on tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tezkor tadbir davomida «Nanay-Namangan» yo‘nalishida xarakatlanayotgan fuqaro B.O. boshqaruvidagi «SNNTS» rusumli yuk avtomashinasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida o‘rnatilgan tartibda ko‘zdan kechirildi.

Natijada ushbu avtomashina yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan va tegishli hujjatlari bo‘lmagan, umumiy qiymati 220 million so‘mlik 2086 dona choyshablar borligi aniqlandi.

Yuqoridagi barcha holatlar yuzasidan bojxona surishtiruvi davom etmoqda.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid