Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyodagi vaziyat: Angliyada to‘ylarga qarshi kurash, Janubiy Koreyada yana ommaviy kasallanish
Janubiy Koreyaning cherkovlaridan birida 300dan ortiq dindor Covid-19 bilan kasallandi, Angliya politsiyasi ko‘p mehmonli to‘ylarni tarqatib yubordi, olimlar virus shtammlarining yuqumliligi haqida bahslashmoqda, Italiyada tungi klublar yopiq.
Janubiy Koreyada yana cherkov virus o‘chog‘iga aylandi
Janubiy Koreya cherkovlaridan birida koronavirus avj olishi kuzatildi va natijada 300dan ortiq ibodatchi kasallandi.
Mamlakat hukumati «Sarang Jyeyl» protestantlik cherkovining ruhoniysi (pastor) Kvan Xunni mas'uliyatsizlikda va karantin cheklovlariga bo‘ysunmaslikda aybladi. U shanba kuni ibodatchilarni hukumatga qarshi ko‘p kishilik namoyishga chaqirgan. Endilikda marshda qatnashganlarning barchasiga o‘z-o‘zini izolyatsiya qilish buyurilgan.
Pastor, shuningdek, ehtimoliy kasallarni aniqlash uchun zarur bo‘lgan cherkov izdoshlari ro‘yxatini taqdim qilishni istamaslikda ayblanmoqda. Yonhap agentligi xabar berishicha, ruhoniyning o‘zida ham koronavirus aniqlangan.
Prezident Mun Je In cherkov a'zolarining hukumatga qarshi namoyishda ishtirok etganini tanqid qilib, odamlar hayotini xavf ostiga qo‘ygani uchun ularning harakatini kechirib bo‘lmas deb atagan.
Ma'lum bo‘lishicha, «Sarang Jyeyl» cherkovining 60 mingdan ortiq izdoshlari mavjud.
Yil boshida shunga o‘xshash holat «Sinchonji» xristian sektasi bilan sodir bo‘lgandi. O‘shanda Janubiy Koreyada kasallik aniqlanganlarning yarmi sekta a'zolari bilan bog‘liq bo‘lgandi.
Angliya politsiyasi to‘ylarni tarqatib yubordi
Yakshanba kuni Angliya shimolida politsiya jamoa bo‘lib yig‘ilishga qo‘yilgan cheklovlar buzilgani uchun ikkita to‘yni tarqatib yubordi.
Lankashir grafligining Blekbern shahridagi to‘y tantanasida 100dan ortiq mehmon yig‘ilgan, Manchesterdagi to‘yga kelganlar soni esa 50 nafardan oshiq bo‘lgan. Ikki shaharda ham yaqinda kasallik tarqalishi avj olgandi va shu sababli karantin cheklovlari amalda. Bu, xususan, birga yashamaydigan insonlarning to‘planishiga ham aloqador.
Angliyaning qat'iy cheklovlar amalda bo‘lmagan tumanlarida to‘yga tashrif buyuruvchi mehmonlar soni 30 nafardan oshmasligi kerak.
Olimlar D614G shtammining yuqumliligi borasida bahslashmoqda
Malayziya sog‘liqni saqlash vazirining ma'lum qilishicha, koronavirusning dunyoda dominantlik qilayotgan yangi D614G shtammini aniqlashdi, u virusning ilk shtammidan 10 barobarga ko‘p yuqumliroq.
Ammo yuqumli kasalliklar sohasidagi ekspertlarning hisoblashicha, ushbu raqamlar hech qanday ma'lumotlarga asoslanmagan.
D614G mutatsiyasi Uhanda koronavirusning ilk avj olishidan ko‘p o‘tmay yuzaga kelgan. Hozir u dunyo bo‘ylab Covid-19 musbat namunalarining deyarli 97 foizida mavjud.

Iyul oyida virusologlar ushbu mutatsiyaning evolyutsion afzallikka egaligini, ammo shuningdek, uning virusning boshqa shtammlariga nisbatan ko‘proq yuqumliligini isbotlovchi dalillar yetarli emasligi xabar qilgandi.
Singapur Milliy universiteti doktori Deyl Fisher BBC'ga bergan intervyusida shunday degandi:«D614G mutatsiyali bemorlar virusni ko‘proq ajratishiga doir ba'zi laborator dalillar bo‘lgandi va shuning uchun u ehtimoliy ko‘proq yuqumli bo‘lishi mumkin».
«Ammo shunisi aniqki, virus tez tarqalayotgan mamlakatlarda nazorat choralarida oqsashlar kuzatilmoqda, shuning uchun nazariy laboratoriya ma'lumotlarini virusga qarshi kurash choralari yomon ahvolda bo‘lgan mamlakatlarda joriy etish mumkin emas», - deya qo‘shimcha qildi u. Filsherning so‘zlariga ko‘ra, ushbu shtammni 10 barobarga yuqumliroq deb aytish uchun hech qanday asos yo‘q.
Chexiyada tibbiy niqoblarga qaytiladi
Chexiyada 1 sentyabrdan yana jamoat transportida va boshqa ko‘plab jamoat joylarida tibbiy niqob taqish majburiy bo‘ladi. Bu mamlakatda kunlik o‘sish holatlari o‘sa boshlagani bilan bog‘liq.

Chexiya mart oyidayoq Yevropada birinchilardan bo‘lib jamoat joylarida tibbiy niqob taqishni majburiy qilgandi, ammo epidemiologik vaziyat yaxshilana boshlagach, karantin qoidalari bosqichma-bosqich yumshatilgandi.
«Biz buni kuz kelishi arafasidagi ogohlantirish deb hisoblaymiz. Kuzda vaziyat og‘irlashishi mumkin, ayniqsa 1 sentyabrdan odamlar orasida muloqot yanada ko‘payadi», degan mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Adam Voytex.
Yangi qoidalarga ko‘ra, do‘konlarda, jamoat joylarida, maktablarda va boshqa jamoaviy foydalanish binolarida tibbiy niqobda yurish majburiy bo‘ladi. Restoranlarda, barlarda va ofislarda niqob taqish shart hisoblanmaydi.
Yaponiya iqtisodiyotida rekord pasayish
Yaponiya iqtisodiyoti 2020 yilning ikkinchi choragida zamonaviy tarixidagi eng chuqur pasayishni qayd etdi. Aprel-iyun oylarida YaIM hajmi avvalgi uch oy bilan taqqoslaganda 7,8 foizga kam bo‘lgan. Yillik o‘lchovda bu 27,8 foizga teng.
Mamlakat iqtisodiyoti pandemiya boshlanganidan buyon pasayib kelmoqda. Qatorasiga uchinchi chorakda YaIM pasayishi kuzatilmoqda.
Yaponiyada aholi uchun joriy etilgan cheklovlar mamlakatda biznes faolligiga ta'sir ko‘rsatgan. Mahsulotlar eksporti pasaydi, xorijdan sayyohlar oqimi to‘xtadi.
Ispaniyada yangi cheklovlar
Ispaniyaning yana to‘rt hududi - Andalusiya, Galisiya, Kantabriya, Kastiliya va Leon - koronavirus avj olishi tufayli cheklov choralari joriy etdi. La-Rioxe va Mursiyada yakshanba kunidan qat'iy karantin boshlangandi.
Mamlakat shimolidagi Basklar o‘lkasi sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda holat e'lon qilishga tayyorlanmoqda, bu orqali qo‘shni hududlardagidanda qat'iyroq cheklov choralari joriy etilishi mumkin.
Jons Hopkins Universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, pandemiya boshlanganidan buyon Ispaniyada qayd etilgan jami kasallanish holatlari soni 342,8 mingdan oshdi, shundan 28,6 ming bemor vafot etgan.
Boshqa mamlakatlardagi ahvol
- Peruda kunlik kasallanish ko‘rsatkichi bo‘yicha rekord qayd etildi6 10,1 mingdan ortiq holat. Rasmiy statistikaga ko‘ra, mamlakatda pandemiya boshidan beri 525 ming kishi Covid-19 bilan kasallangan. Sog‘liqni saqlash vaziri Pilar Matsseti pandemiya boshida qat'iy karantin joriy etilmaganda o‘limlar soni yarim milliondan ortishi ehtimoli bo‘lgani haqida gapirgan, hozir esa bu raqam 26 mingni tashkil qilmoqda.
- Boliviyada tasdiqlangan holatlar soni 100 mingdan oshdi, ammo ekspertlar bu hali hammasi emasligi, kasallik piki sentyabrda kuzatilishdan ogohlantirmoqda.
- Britaniyada Fransiya, Niderlandiya, Monako, Malta, Terks va Kaykos orollari hamda Aruba orollaridan keluvchilar ushbu mamlakatlarda kuzatilgan virus o‘choqlari sababli ikki haftalik o‘zini izolyatsiyalash tartibiga amal qilishga majbur.
- Italiyada yangi kasallanish holatlari ortib ketgani tufayli tungi klublar 3 haftaga yopildi. Mamlakatning ba'zi tumanlarida soat 18:00 dan tonggi oltigacha niqobda yurish shart. Bu virusni aksariyat holatlarda yoshlar yuqtirayotgani bilan bog‘liq.
- Yangi Zelandiya koronavirus yuqtirishning yangi holatlari aniqlangandan so‘ng parlament saylovlarini ko‘chirishga qaror qildi. Bosh vazir Jasinda Ardernning xabar qilishicha, 19 sentyabr sanasida o‘tkazilishi kerak bo‘lgan ovoz berish jarayoni 17 oktyabrda tashkil etiladi. Rasmiylar avvalroq mamlakatning eng katta shahri Oklendda karantin choralari joriy etgandi.
- Xitoy mamlakatda so‘nggi bir oy ichida ilk marta birorta yangi kasallanish holati qayd etilmagani haqida e'lon qildi. Mamlakatda so‘nggi marta 14 iyul kuni yangi kasallanish holat qayd etilmagandi. 15 iyulda Shinjon-Uyg‘ur muxtor hududidagi Urumchi shahrida yashovchi ayolda Covid-19 uchun test musbat natija bergandi. Ushbu hududda kasallik tarqalishi tufayli 600dan ortiq kishida koronavirus aniqlandi.
Mavzuga oid
13:32 / 14.05.2026
Koreyaga ishga yuborishdagi yirik sxema: Kun.uz bu haqda uch yil oldin bong urgan edi
19:26 / 06.05.2026
Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimiga nisbatan hukmni og‘irlashtirgan sudya o‘lik holda topildi
16:10 / 27.04.2026
Janubiy Koreya O‘zbekistonda AT ta’limi uchun 14 mln dollar grant ajratadi
22:00 / 17.04.2026