Jahon | 07:59 / 18.08.2020
7270
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Liviyada harbiy baza quradi

Turkiya, Qatar va Liviyaning Milliy kelishuv hukumati Liviyaning Misurata shahrida turk harbiy-dengiz bazasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. “Al-Arabiya” telekanalining xabar berishicha, kelishuvga ko‘ra Misuratada uch tomonlama harbiy muvofiqlashtirish markazi tashkil etiladi.

Foto: RIA Novosti

“Bundan tashqari, tomonlar qatarlik harbiy maslahatchilarni liviyalik harbiylarni o‘qitish uchun Liviyaga yuborish hamda Liviyaga Turkiya va Qatardagi harbiy o‘quv yurtlarida joylar taqdim qilish bo‘yicha kelishib oldi”, deb aytilgan xabarda.

Kelishuv Milliy kelishuv hukumatiga bo‘ysunuvchi harbiy bo‘linmalarning jangovar qobiliyatini oshirish maqsadida qabul qilingan.          

17 avgustda Tripolida Turkiya mudofaa vaziri Xulusi Akar va Qatar davlat mudofaa vaziri Xolid bin Muhammad al-Attiyyaning Milliy kelishuv hukumati rahbari Fayz Sarroj bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tgan.  

Liviyada uzoq vaqtdan beri qo‘shhokimlik amal qilib kelmoqda: Tripolida Milliy kelishuv hukumati, mamlakat sharqida esa feldmarshal Halifa Xaftar boshchiligidagi Liviya milliy armiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi muvaqqat vazirlar mahkamasi faoliyat yuritmoqda. O‘zaro qarama-qarshi bo‘lgan bu tomonlar bir yil avval mamlakatning bosh shahri – Tripoli uchun jangga kirishgan. Shundan keyin Milliy kelishuv hukumati Turkiyadan yordam so‘ragan va uning faol qo‘llab-quvvatlovi ostida Liviya milliy armiyasi tomonidan bosib olingan hududlarning bir qismi ustidan nazoratni qaytarishga muvaffaq bo‘lgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid