Jahon | 23:37 / 19.08.2020
5279
3 daqiqa o‘qiladi

Avstraliya aholisi koronavirusga qarshi bepul emlanadi

Avstraliya hukumati koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqayotgan AstraZeneca kompaniyasi bilan vaksina yetkazilishi bo‘yicha shartnoma imzoladi. Shartnomaga ko‘ra, Avstraliya vaksinadan kerakli miqdorda oladi.

“Shartnoma doirasida bir har avstraliyalikning vaksina olishini ta'minlaymiz”, deb aytgan Avstraliya bosh vaziri Skott Morrison. Uning ta'kidlashicha, AstraZeneca’ning vaksinasi o‘zining samaradorligini ko‘rsatsa, hukumat undan zarur miqdorda xarid qilib, u bilan mamlakatning barcha 25 mln. lik aholisi bepul emlanadi.

“Agar vaksina sinovlari muvaffaqiyatli o‘tsa, biz vaksinani keyingi yil boshida olishga umid qilmoqdamiz. Agar bu ertaroq yuz bersa, undan ham yaxshi bo‘ladi”, deb qo‘shimcha qilgan bosh vazir.  

Tibbiy xodimlar kimlar birinchi bo‘lib emlanishini belgilaydilar. 

“Tabiiyki, vaksinani birinchi bo‘lib aholining virus oldida zaif bo‘lgan qatlamlari, keksalar, sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari va imkoniyati cheklangan odamlar oladi”, deb ta'kidlab o‘tgan Avstraliya sog‘liqni saqlash vaziri Greg Xant.   

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, emlashda, shuningdek, kasallanish bo‘yicha hududlar bo‘yicha statistika va vaksinaning turli yoshdagilarga ta'siri hisobga olinadi.  

AstraZeneca o‘z vaksinasini Oksford universiteti bilan birgalikda ishlab chiqmoqda. Ayni vaqtda vaksinaning ikkinchi bosqich sinovlari o‘tmoqda: u turli davlatlardagi bir necha ming kishida sinalmoqda. Ushbu vaksina uchun bir nechta davlat hamda tashkilotlardan jami 3 mlrd doza uchun buyurtma olingan. Vaksina sentyabrdanoq yetkazib berila boshlanishi mumkin. 

Avstraliya bosh vaziri fuqarolarni vaksina samarali bo‘lishining 100 foizlik kafolati yo‘qligidan ogohlantirgan, biroq “ushbu vaksina ayni vaqtda dunyodagi eng yaxshilaridan biri ekanini” aytgan. Vaksinani emlash  uchun qo‘llash maqsadga muvofiqligi ayon bo‘lgandan so‘ng shartnomaning keyingi bandlari, jumladan vaksina narxi va uning yetkazib berilish muddatlari muhokama qilinadi. 

Shu bilan birga, rasmiy Kanberra bir kompaniyaga ishonib qolmay, boshqa kompaniyalar bilan ham ushbu masala bo‘yicha aloqani qo‘llab-quvvatlamoqda.

Skott Morrisonning ta'kidlashicha, emlash butun aholi uchun majburiy bo‘ladi. Emlanishi tibbiy sabablarga ko‘ra mumkin bo‘lmaganlargina bundan mustasno bo‘ladi. 

Avstraliya rasmiylarining baholashicha, koronavirus boshqa xavf solmasligi uchun aholining 95 foizida unga qarshi immunitet bo‘lishi kerak.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid