Jahon | 21:07 / 19.08.2020
17703
5 daqiqa o‘qiladi

Cassiz ko‘chalardan hovuz kechalarigacha: Uhandagi hayot normal holatga qanday qaytdi?

Minglarcha inson niqobsiz va ijtimoiy masofa saqlamagan holda hovuzlarda musiqa jo‘rligida hordiq chiqarishmoqda. Albatta, bu 2020 yilda ko‘rishga ko‘zimiz o‘rganmagan manzara. Ammo ortda qolgan hafta oxirida koronavirus tarqalishi o‘chog‘i deb bilingan Xitoyning Uhan shahrida shu va shunga o‘xshash ko‘plab holatlar kuzatildi.

Uhandagi o‘tkazilgan hovuz festivali. 15 avgust

Xitoydan tashqaridagi dunyoda koronavirusga qarshi qizg‘in kurash davom etar ekan, Uhan Maya Beach Water Park (Uhan Maya plyaj suv parki)da olingan fotosuratlar ham virus kabi tez tarqaldi.

Na niqob taqildi, na ijtimoiy masofa saqlandi. 15 avgust

Cheklovlar 23 yanvar kuni boshlangandi

Uhan shahrida koronavirus tufayli 17 kishining vafot etishi va 400dan ortiq holatlar qayd etilishi ortidan 23 yanvar kuni komendantlik soatlari doirasida misli ko‘rilmagan choralar joriy etilgandi.

Xitoy ma'muriyati ushbu sanadan bir hafta oldin virusning odamdan odamga yuqishini tasdiqlagandi.

Uhan. 8 fevral  / GETTY IMAGES

Bir necha oy ichida minglab odamlar test qilinib, karantinga olindi. 11 million aholiga ega Uhan shahri Xitoyning qolgan qismlaridan ajratildi.

Barcha yirik ommaviy yig‘ilishlar bekor qilindi va aholidan ko‘chaga chiqmaslik so‘raldi.

Yanvar oyida dunyoda birinchi bo‘lib karantin joriy etilgan Uhan bamisoli sharpalar shahriga aylangandi.

Mart oyiga kelib, komendantlik cheklovlari asta-sekin va bosqichma-bosqich yumshatila boshladi.

Har bir xonadondan bir kishiga maksimal ikki soat davomida ko‘chaga chiqishga ruxsat berildi.

Savdo markazlari qaytadan ochildi. Jamoat transport ishlay boshladi. Odamlar asta-sekin tashqariga chiqa boshlashdi. Biroq ijtimoiy masofa saqlash va niqob taqish bilan bog‘liq qoidalar hali ham amalda edi.

Biroq 12 may kuni oltita yangi holati qayd etilishi ortidan shahardagi 11 million kishini birdaniga testdan o‘tkazishga qaratilgan ulkan rejani amalga oshirishga kirishildi. Shundan so‘ng tez orada epidemiya nazoratga olindi.

Aprel oyidagi normallashish jarayoni

Komendantlik soatlari aprel oyida olib tashlandi va may oyi o‘rtalaridan boshlab Uhan va bu shaharni o‘z ichiga olgan Xubey provinsiyasida aholi orasida koronavirusga chalinish holatlari kuzatilmadi.

Nikoh bilan bog‘liq rejalari ortga surilgan juftliklar to‘yxonalarga oshiqishdi.

Uhanda bo‘lib o‘tadigan to‘y oldidan fotosuratga tushayotgan juftlik. 15 aprel

Biroz vaqt o‘tgach, maktablar va korxonalar ochilib, jamoat transporti ishga tushgach, hayot normal holatga qayta boshladi.

Uhandagi sinf xonasi. 20 may  / GETTY IMAGES

Iyun oyida ko‘chalarga peshtaxtalari o‘rnatilgan tungi bozorlarni qayta ochishga ruxsat berildi.

Iyul oyida esa Xitoyning ko‘plab qismlarida hayot normal holatga qayta boshladi.

Aksar joylarda kinoteatrlarni qayta ochishga ruxsat berildi.

Ba'zi parklar, kutubxonalar va muzeylar ham yarim quvvat bilan faoliyat yurita boshladi.

Katta yig‘ilishlarga ham ruxsat berildi.

Uhandagi kinoteatr. 20 iyul / GETTY IMAGES

Bugungi kunda Uhanda hayot normal holatga qaytgani kuzatilmoqda.

Zotan, o‘tgan haftaning dam olish kunlarida HOHA Elestro musiqa festivaliga tashrif buyurgan odamlarning suratlari ham buni tasdiqlaydi.

Tashkilotchilar tashrif buyuruvchilarni yanada ko‘proq jalb qilish uchun hatto sayyoh ayollarga chiptalarni yarim narxda sotishdi.

Maya suv parki joylashgan «Uhan vodiysi» 25 iyun kuni qayta ochildi. Bosh menejyer o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, mazkur park avgust oyidan boshlab tashrif buyuruvchilarni nisbatan ko‘proq jalb qila boshlagan. Masalan, dam olish kunlari parkka 15 ming kishi tashrif buyurgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichning yarmiga teng.

Xitoydagi ba'zi ijtimoiy media foydalanuvchilari Uhan shahrida bunday keng ko‘lamli tadbirni o‘tkazishga ruxsat berilganidan hayratda ekanliklarini yashirishmayapti.

Uhanda hali ham katta yig‘inlar taqiqlanmagan. Biroq akvaparkdagi kabi faoliyatlarga ruxsat olinishi kerak.

Dunyo bo‘yicha virusga chalinish bilan bog‘liq holatlar soni 22 milliondan oshdi

Dunyoning boshqa nuqtalarida koronavirus avj olishda davom etmoqda. Dunyo bo‘yicha holatlarning umumiy soni 22 milliondan oshdi.

Virusni muvaffaqiyatli nazorat qilgan Yangi Zelandiya va Janubiy Koreya kabi davlatlar ham yangi to‘lqinga duch kelishmoqda.

Shu bois boshqa davlatlar Xitoydagi kabi gavjum kecha va tantanalarga ruxsat berish uchun vaqt atalmish dovondan ishonchli tarzda o‘tib olishlari kerak bo‘ladi. 

Mavzuga oid