Jahon | 00:22 / 19.08.2020
20414
7 daqiqa o‘qiladi

Dunyodagi vaziyat: Fransiyada ish joyida niqobda bo‘lish majburiy, britaniyaliklar tushkunlikka tushmoqda

Fransiya ishda niqob taqish shartligini joriy qilmoqda, Janubiy Koreya ommaviy tadbirlarga qayta cheklov qo‘ydi, Avstraliyada kruiz layneri bilan aloqador mojaro avj oldi, lotin amerikaliklar karantinga bo‘ysunishni istamayapti.

Foto: Reuters

Gebreysus: faqat birgalikda omon qolamiz
Bir qator davlatlar Covid-19’ga qarshi vaksina yaratish yo‘lida harakat qilayotgan bir paytda, JSST rahbari Tedros Gebreysus tashkilotga a'zo barcha mamlakatlar hukumatlariga kelajakda kutilayotgan preparatlar bilan faqat o‘zlarining aholisini emas, balki muhtojlarni ham ta'minlashga oldindan chaqiruvchi xat yo‘lladi. 

«Aslida cheksiz bo‘lmagan zaxirani bo‘lishish strategik va global nuqtayi nazardan har bir mamlakat manfaatlariga mos keladi. Hamma xavfsiz bo‘lmaguncha hech kim xavfsiz bo‘lolmaydi», deydi Gebreyyesus.

Uning aytishicha, agar yuqori sifatli vaksina ixtiro qilinsa, JSST avval uni yaratishda ishtirok etgan mamlakatlar orasida, keyin esa epidemiologik vaziyat eng og‘ir bo‘lgan davlatlar orasida tarqatishni taklif qilmoqda.

Biroq JSST rahbari birinchi navbatda tibbiyot xodimlari va 65 yoshdan oshgan kishilarni koronavirus vaksinasi bilan ta'minlash lozimligini ta'kidlagan.

«Agar biz virus yuqtirib olish xavfi darajasi yuqori bo‘lgan guruhga kiruvchi odamlarni hamma joyda bir xilda himoya qilmasak, sog‘liqni saqlash tizimini barqarorlashtira olmaymiz va jahon iqtisodiyotni tiklay olmaymiz. Barchamiz shunday uzviy bog‘liqmiz», degan Gebreyyesus.

Fransiyada ish vaqtida niqob kiyish majburiy bo‘ladi
1 sentyabrdan boshlab mamlakatda bir kishidan ortiq xodim ishlaydigan barcha yopiq binolarda niqob taqish majburiy bo‘ladi. 

Hukumat ushbu qarorni kasaba uyushmalari bilan maslahatlashgandan so‘ng qabul qildi, deb xabar bergan mehnat vaziri Elizabet Born. 

Janubiy Koreya ommaviy tadbirlarni qayta cheklaydi
Seulda va undan uncha uzoq bo‘lmagan yirik Inchxon portida 50 nafardan ortiq odam ishtirok etadigan har qanday yopiq tadbirlar yana taqiqlanadi, bar va karaoke klublari yopiladi. 

Yaqingacha koronavirusni yenggan deb e'tirof etib kelingan mamlakatda yangi kasallanish holatlari ketma-ket beshinchi kunki uch xonali raqamlar bilan o‘lchanyapti. Seshanba kuni 246 kishiga virus tashxisi qo‘yildi. Xususan, diniy yig‘inlar infeksiya tarqalgan hududlarga aylandi. 

Avstraliyada kruiz kemasiga doir mojaro avj oldi
Bortida Covid-19 bilan kasallangan bemorlar bo‘lgan «Ruby Princess» laynerining deyarli 2650 nafar yo‘lovchisiga joriy yilning 19 mart kuni Sidney qirg‘oqlariga tushishga va koronavirusga tekshirilmasdan uyga ketishga ruxsat berilgandi.

Keyinchalik ulardan mingga yaqini kasal bo‘lib, 28 kishi vafot etdi.

Senat tekshiruvi shuni ko‘rsatdiki, bu qishloq xo‘jaligi, suv resurslari va atrof-muhit vazirligi, Yangi Janubiy Uels shtati sog‘liqni saqlash boshqarmasi va chegara xizmati amaldorlarining xatolari va nomuvofiq harakatlari natijasi bo‘lib chiqdi. 

Britaniyadagi depressiya
Milliy statistika byurosi tomonidan o‘tkazilgan va 500 ming kishi qatnashgan so‘rov natijalariga ko‘ra, pandemiya paytida Britaniyada depressiya alomatlari kuzatilayotgan voyaga yetganlar soni ikki baravarga oshgan va 20 foizga yaqinlashgan. 

Odamlar uyqu va ishtaha yomonlashishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishi va diqqat susayishidan shikoyat qilishgan. 

So‘rovnomada ishtirok etganlarning atigi 3,5 foizi so‘nggi oylarda kayfiyati yaxshilanganini aytgan.

Pandemiya, ayniqsa, 40 yoshdan kichik odamlar, ayollar, kambag‘allar va kasallarni qayg‘uga solgan. 

Nottingem universiteti psixiatriya professori Charli Beykerning so‘zlariga ko‘ra, bu holda gap tibbiy tashxisdan ko‘ra tashqi muhitga tabiiy reaksiya haqida ketmoqda.

Lotin amerikaliklar karantinga rioya qilishni istashmayapti
Dushanba kuni Buenos-Ayres va Argentinaning boshqa shaharlarida minglab odamlar ijtimoiy masofalanishga nisbatan o‘z munosabatini hokimiyatga namoyish qilish uchun yurish qilishdi. 

Argentina poytaxtida cheklovlar 20 martdan boshlab amalda va kamida 30 avgustgacha o‘z kuchida qoladi. Argentinada Covid-19 holatlari soni 300 mingga yaqin, ularning 90 foizi poytaxt mintaqasida uchraydi. 

«Bugungi kunda ma'lum bo‘lgan yagona dori - bu odamlar orasidagi kesishma va aloqani iloji boricha cheklash», - dedi prezident Alberto Fernandes. 

Garchi qo‘shni Braziliyada bemorlar 12 baravar ko‘p va 100 mingdan ortiq odam vafot etgan bo‘lsa-da,  Fernandesning hamkasbi Jair Bolsonaru Covid’ga «kichik grippdek» qarashini ochiqchasiga rad etmagan. 

Braziliya vitse-prezidenti Amilton Mouran BBC'ga bergan intervyusida o‘z mamlakatida cheklov choralarini joriy etish befoyda, degan fikrni bildirdi, chunki braziliyaliklar «dunyodagi eng intizomli odamlar emas».

Boshqa mamlakatlardagi ahvol

  • Fransiya futbol chempionati startidagi «Marsel» va «Sent-Eten» klublari o‘rtasidagi o‘yin 21 avgustdan sentabr oyi o‘rtasiga qoldirildi, chunki marselliklar klubining to‘rt nafar o‘yinchisiga koronavirus tashxisi qo‘yilgan; 
  • Ispaniyada Covid-19’ning yangi belgilari turizmni tiklashga xalaqit bermoqda. Dushanba kuni mamlakat bo‘ylab 1833ta yangi holat qayd etildi, bu bir oy avvalgiga nisbatan uch baravarga ko‘p. 1 iyul kuni karantin bekor qilinganidan beri eng ko‘p holatlar o‘tgan juma kuni qayd etildi - 2987 kishi; 
  • Gretsiya YeI tomonidan ajratilgan kvotaga binoan dekabr oyida uch million dozada koronavirus vaksinasini qabul qilib oladi. Oksford universiteti va AstraZeneca farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan vaksina sinovlari noyabr oyida yakunlanishi kerak; 
  • Finlyandiya bosh vaziri Sanna Marin o‘zini izolyatsiyaladi va yengil respirator alomatlari kuzatilgani tufayli koronavirusga tahlil topshirdi - so‘nggi paytlarda to‘rtinchi marta.
Назокат Қаршиева
Tayyorlagan Назокат Қаршиева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid