Jahon | 12:15 / 19.08.2020
2284
4 daqiqa o‘qiladi

Kanada bosh vaziri parlament faoliyatini bir oyga to‘xtatdi

Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo o‘ziga berilgan huquqdan foydalanib, parlament faoliyati 23 sentyabrgacha to‘xtatilishini e'lon qildi. U bunday iltimos bilan Kanada general-gubernatori Jyuli Peyyettga murojaat qilgan. Peyyett o‘z navbatidaa tegishli farmonni imzolagan.

Jastin Tryudo. Foto: AP Photo/Frank Augstein

“Bizga iqtisodiyotni pandemiya sharoitida tiklash bo‘yicha uzoq muddatli reja zarur. Biz bu rejani amalga oshirish bo‘yicha birinchi qadamlarni 23 sentyabrda parlamentning yangi sessiyasi ochilishidagi nutqda taqdim qilamiz. Bugun [18 avgust] men general-gubernatordan parlament ishini to‘xtatishni iltimos qildim. Buni har qaysi hukumat parlamentdagi nutqni e'lon qilishidan oldin qilish zarur”, deb aytgan Tryudo. Kanada parlamenti tartib-qoidalariga ko‘ra,  palatalar ishi to‘xtatilganda, unga ko‘rib chiqish uchun kiritilgan barcha qonun loyihalari bekor qilinadi.   

Bunda parlament sessiyasi ochilishidagi nutq natijalariga ko‘ra, Tryudoga parlament ishonch bildirishi lozim. Agar bu yuz bermasa, Kanadada yangi saylovlar bo‘lib o‘tadi. Bunday holat 2005 yil noyabrda yuz bergan. O‘shanda bosh vazir Pol Martin iste'foga ketishga va yangi saylovlar o‘tkazilishini e'lon qilishga majbur bo‘lgan.

Kanada bosh vazirlaridan oxirgi bo‘lib Stiven Xarper 2013 yil sentyabrda parlament sessiyasi ochilishidagi nutq oldidan parlament ishi to‘xtatilishini e'lon qilgan. O‘shanda Kanada liberal partiyasi yetakchisi bo‘lgan Jastin Tryudo senatdagi safdoshlari davlat mablag‘larini sarflab yuborish bilan bog‘liq mojaro markazida qolgan Xarperni siyosiy nayranglarda ayblagandi. Tryudo o‘shanda uning hukumati bunday “o‘yinlar”ni amalga oshirmasligiga va'da bergandi. 

Biroq ba'zi tahlilchilarning fikricha, amaldagi bosh vazir WE Charity xayriya jamg‘armasi atrofidagi mojaroning yanada avj olishidan qochish maqsadida bir vaqtlar Xarper qo‘llagan usuldan foydalanib, parlament ishi to‘xtatilishini e'lon qilishga qaror qildi. Xayriya jamg‘armasi atrofidagi mojaroga Tryudo va moliya vaziri Uilyam Morno oila a'zolari aralashib qolgan. Morno 17 avgustda o‘z xohishiga ko‘ra iste'foga chiqishini e'lon qilgan. Parlament ishi to‘xtatilishi evaziga senatning jamg‘arma bilan bog‘liq mojaroni tergov qilayotgan moliya qo‘mitasi ishi ham to‘xtatiladi. 

Avvalroq manfaatlar ixtilofi va axloq bo‘yicha mustaqil komissar bosh vazir Jastin Tryudo va moliya vaziri Uilyam Mornoga qarshi tergov boshlagan. Bunga siyosatchilarning oilalari WE Charity jamg‘armasi bilan yaqin aloqada bo‘lgani sabab bo‘lgan. 

Ushbu jamg‘arma hech qanday tender o‘tkazilmasdan, pandemiya vaqtida ko‘ngillilar bo‘lib ishlagan talabalarga yordam berish bo‘yicha davlat loyihasi doirasida stipendiyalarni taqsimlash dasturining yagona boshqaruvchisi deb e'lon qilingan. Tashkilotlar budjetdan jamg‘armaga 900 mln Kanada dollari (670 mln dollar) o‘tkazib berishlari kerak bo‘lgan. Biroq jamg‘arma Tryudo oilasi va uning hukumati bilan bog‘langani ma'lum bo‘lgach, u bilan shartnoma bekor qilingan. Muxolif partiyalar yetakchilari ushbu mojaro sababli nafaqat Mornoning, balki Tryudoning iste'fosini talab qilishgan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid